Diplomatlarning shaxmat musobaqasi
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Qabullar uyida mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari xodimlari o‘rtasida an’anaviy shaxmat turniri bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Qabullar uyida mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari xodimlari o‘rtasida an’anaviy shaxmat turniri bo‘lib o‘tdi.
Turnirda Afg‘oniston, Germaniya, Gruziya, Eron, Qozog‘iston, Quvayt, Qirg‘iziston, Falastin, Rossiya, Ruminiya, AQSh, Tojikiston, Turmaniston, Chexiya elchixonalari jamoalari, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi, BMT Taraqqiyot dasturi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, “Lukoyl Uzbekistan Opereyting kompani» mas’uliyati cheklangan jamiyati va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi vakillari o‘zaro bahslashdi.
Turnirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Kurmanov va mamlakatimizdagi diplomatik korpus duayyeni, Rossiya Federatsiyasining Favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev O‘zbekistonda sport turlarini rivojlantirish hamda ommalashtirishga qaratilayotgan e’tibor mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan diplomatlar hayotida ham o‘z ifodasini topayotganini ta’kidladi. Elchixonalar va xalqaro tashkilotlar xodimlari o‘rtasida shaxmat va futbol bo‘yicha an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan bellashuvlar ham bunga yorqin misol bo‘la oladi.
Xalqaro shaxmat federatsiyasi – FIDE qoidalariga muvofiq, Shveytsariya tizimi asosida o‘tkazilgan va murosasiz bellashuvlarga boy bo‘lgan musobaqada diplomatlar o‘z mahoratlarini namoyish etdi.
– O‘zbekistonda ham Chexiyada bo‘lgani kabi sportni rivojlantirish va ommalashtirishga katta e’tibor berilmoqda, – dedi Chexiya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ginek Peyxa. – Tennis, dzyudo, taekvando, shaxmat va boshqa sport turlari bo‘yicha xalqaro turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik sportchilarni diqqat bilan kuzatib boraman. Bu yutuqlar, shubhasiz, mamlakat rahbariyati tomonidan sportni rivojlantirish har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani samarasidir.
Turnirda birinchi o‘rinni AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari egalladi. Ikkinchi o‘ringa “Lukoyl Uzbekistan Opereyting kompani» mas’uliyati cheklangan jamiyati, uchinchi o‘ringa esa Qozog‘iston elchixonasi vakillari sazovor bo‘ldi.