Dilfuza Jabborova dunyoning eng nufuzli olimlari ro‘yxatiga kirdi
Ilm-fan yutuqlari
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genetika va o‘simliklar yeksperimental biologiyasi instituti olimasi Dilfuza Jabborova dunyoning eng nufuzli 2 foiz olimlari (Top 2% Scientists) ro‘yxatidan joy oldi.
Mazkur nufuzli xalqaro reyting Stenford universiteti (AQSH) va dunyodagi eng yirik «Elsevier» ilmiy nashriyoti tomonidan tuziladi. Unda olimlarning yaratgan ilmiy ishlari, ularga boshqa tadqiqotchilar tomonidan qanchalik ko‘p murojaat qilingani (iqtiboslar soni) va jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi hisobga olinadi.
Dilfuza Jabborova bunday yuqori e’tirofga qatorasiga uch yil: 2024, 2025 va 2026-yillarda loyiq ko‘rildi. U o‘simliklar biologiyasi va botanika yo‘nalishi bo‘yicha dunyo miqyosida 1929-o‘rinni egalladi.
Bunday yutuq yurtimizda olima ayollarning erkin ishlashi, ilmiy tadqiqotlar olib borishi uchun yaratilayotgan sharoitlarning yana bir amaliy natijasi bo‘lib, o‘zbekistonlik izlanuvchilarning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshiradi.
M.Qosimova, O‘zA