Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi xalqaro fizika olimpiadasi Samarqandda o‘tadi
Shu yilning 10-17-oktabr kunlari Samarqand shahrida II Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi xalqaro fizika olimpiadasi bo‘lib o‘tadi.
Nufuzli xalqaro ilmiy musobaqada dunyoning 15 mamlakatidan keladigan 200 nafarga yaqin iqtidorli yosh hamda O‘zbekistondan fizika faniga qiziquvchi 100 nafarga yaqin o‘quvchi ishtirok etishi kutilmoqda. Olimpiada doirasida ishtirokchilar nazariy va amaliy bilimlarini sinovdan o‘tkazish, o‘z salohiyatlarini namoyon etish hamda xalqaro miqyosda tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, mazkur xalqaro olimpiada yoshlarning fizika faniga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning ilmiy salohiyati va mantiqiy fikrlash qobiliyatini namoyon etish, shuningdek, turli mamlakatlar yoshlari o‘rtasida ilmiy hamkorlik va do‘stlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida o‘tkazilmoqda.
Olimpiada ilk bor 2021-yilning 8-13-noyabr kunlari Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan va unda 15 dan ortiq davlatdan yuzlab o‘quvchilar offlayn va onlayn tarzda ishtirok etgan.
Ahmad al-Farg‘oniy nomi bilan atalgan ushbu xalqaro musobaqa buyuk ajdodimizning boy ilmiy merosini keng targ‘ib etish, yosh avlodni ilm-ma’rifatga rag‘batlantirish hamda O‘zbekistonning xalqaro ilmiy-ma’rifiy hamkorlikdagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ayni paytda olimpiada ishtirokchilari Samarqandga kelmoqda.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri