“Ixtirochi ayol - 2026” tanlovida Dilafro‘z Samadova g‘olib bo‘ldi
Kimyo sanoatida yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish, ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish va ekologik muammolarga samarali yechim topish ilmiy izlanishlar hamda innovatsion g‘oyalarni talab etadi. Bu borada sohada faoliyat yuritayotgan va tegishli yo‘nalishlarda ta’lim olayotgan xotin-qizlarning tashabbuslarini rag‘batlantirish muhim o‘rin tutadi.
“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan tashkil etilgan “Ixtirochi ayol - 2026” ko‘rik-tanlovi ana shunday g‘oyalarni aniqlash va ularning amaliy imkoniyatlarini baholashga qaratildi. Respublika bosqichida tarmoq korxonalari xodimlari va oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘z loyihalarini hakamlar e’tiboriga havola qildi.

Ikki kun davom etgan taqdimotlarda Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filiali va “Yangi O‘zbekiston” universitetida tahsil olayotgan talaba qizlar ham qatnashdi. Ular korxonalarda mehnat qilayotgan xotin-qizlar bilan bir qatorda ilmiy izlanishlari va amaliy takliflarini taqdim etdi.
Ishlanmalar energiyani tejash, ekologik muammolarga yechim topish, ishlab chiqarishni takomillashtirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar yaratishga qaratildi. Loyihalarning yangiligi, iqtisodiy va ekologik samaradorligi hamda amaliyotga joriy etish imkoniyatlari asosida baholandi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rin “Navoiazot” AJ xodimi Dilafro‘z Samadovaga nasib etdi.

Ikkinchi o‘ringa “Maxam-Chirchiq” AJ xodimi Nazira Abduxoliqova va “Ammofos-Maxam” AJ xodimi Lobar Boyzoqova sazovor bo‘ldi.
Uchinchi o‘rinni Toshkent kimyo-texnologiya instituti talabasi Baxmaloy Abdurahimova hamda “Navoiazot” AJ xodimlari Gulbahor Ro‘ziqulova va Gulchehra Rahimova egalladi.
Shuningdek, uchta maxsus nominatsiya bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.
Tadbir yakunida ularga “O‘zkimyosanoat” AJ nomidan diplomlar, maxsus statuetkalar va pul mukofotlari topshirildi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA