“Devis kubogi”ga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi
TЕNNIS. Toshkentda joriy yilning 1-2 fevral kunlari tennis boʻyicha “Devis kubogi”ning pley-off bahsi oʻtkaziladi.
Toshkentda joriy yilning 1-2 fevral kunlari tennis boʻyicha “Devis kubogi”ning pley-off bahsi oʻtkaziladi. Unda Oʻzbekiston terma jamoasi jahon ligasiga chiqish uchun Serbiya terma jamoasiga qarshi kortga chiqadi.
Musobaqa oldidan matbuot anjumani oʻtkazildi.
Joriy yildan boshlab “Devis kubogi” yangi tizimda oʻtkaziladi. Unga koʻra, fevral oyida boʻladigan saralash bahslarida 24 terma jamoa 12 juftlikka boʻlingan holda kurash olib boradi. Ushbu bahslarda gʻolib boʻlgan 12 terma jamoa noyabr oyida oʻtkaziladigan jahon ligasi bahslarida ishtirok etadi. Magʻlub boʻlgan terma jamoalar esa kelasi yilgi pley-off oʻyinlarida qatnashish uchun mintaqaviy bahslarda kurash olib boradi.
“Devis kubogi” musobaqasining jahon ligasiga chiqish uchun oʻtadigan Oʻzbekiston va Serbiya uchrashuvida mamlakatimiz sharafini Denis Istomin, Humoyun Sultonov, Sergey Fomin, Sanjar Fayziyev va Joʻrabek Karimov kabi tennischilarimiz himoya qiladi. Serbiya terma jamoasi tarkibida Dushan Layovich, Filip Krayinovich, Laslo Jere, Nikola Miloyevich va Viktor Troiski kabi tennischilar kortga chiqadi.
– “Devis kubogi” musobaqasiga puxta tayyorgarlik koʻrdik. Raqib kuchli boʻlishiga qaramasdan faqat gʻalaba uchun kortga chiqamiz, – deydi terma jamoamiz sardori Farrux Doʻstov. – Tennischilarimiz raqiblarini yaxshi biladi. Umid qilamizki, jahon ligasiga yoʻl olamiz.
Anjuman davomida terma jamoamiz sardori Farrux Doʻstov hamda serbiyaliklar vakili Nenad Zimonich jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga javob qaytardi.