Deputatlik murojaati amalda o‘z yechimini topmoqda
Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholi salomatligini muhofaza qilish va tibbiy xizmatlar sifatini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, keyingi yillarda Prezidentimiz rahbarligida sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, tez tibbiy yordam xizmatini zamonaviy bosqichga olib chiqish, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zamonaviy tibbiy uskunalar va yangi tez yordam avtomashinalari bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada qabul qilinayotgan qarorlar aholiga sifatli va tezkor tibbiy xizmat ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shunday ezgu maqsadlar ijrosini ta’minlash yo‘lida jamoatchilik va deputatlik nazorati ham muhim o‘rin tutadi.
Xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashi deputati I.Odilov tomonidan Respublika tez tibbiy yordam markazi Buxoro viloyati filiali faoliyatida aniqlangan muammolar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Madina Baratovaga yuborilgan deputatlik murojaati ijrosi doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligining mas’ul xodimlari Jamshid Berdimurodov va Otamurod Esonaliyev Buxoro shahrida bo‘ldi.
Mas’ullar Xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashi raisi J.Matniyazov, shahar Kengashi deputatlari Sh.Yashiyev va I.Odilov ishtirokida keng qamrovli uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda tez tibbiy yordam tizimidagi mavjud muammolar atroflicha tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq rejalar taqdim etildi. Xususan, tizimning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, zamonaviy tez yordam avtomashinalarini olib kelish, yangi ma’muriy bino qurish, tibbiy brigadalar faoliyatini takomillashtirish, chaqiruvlarga yanada tezkor javob berish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.
Muloqot davomida deputatlik murojaatida ko‘tarilgan har bir masala yuzasidan mas’ullar tomonidan aniq taklif va yechimlar bildirildi. Shuningdek, mavjud kamchiliklarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, tizim samaradorligini oshirish hamda tez tibbiy yordam xizmatini aholi uchun yanada qulay va samarali qilish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

E’tiborlisi, bu kabi amaliy uchrashuvlar davlat rahbarining sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish, har bir insonning hayoti va salomatligini ishonchli himoya qilishga qaratilgan siyosati hayotda o‘zining amaliy ifodasini topayotganining yana bir yorqin tasdig‘idir. Zero, tibbiyot sohasiga kiritilayotgan sarmoyalar, zamonaviy infratuzilma yaratish, malakali kadrlar salohiyatini oshirish va deputatlik nazoratining kuchaytirilishi pirovardida eng katta yutuq – xalq roziligiga xizmat qiladi.
Inson hayoti eng oliy qadriyat sanalgan Yangi O‘zbekistonda tez tibbiy yordam tizimini yanada takomillashtirish yo‘lidagi bunday amaliy sa’y-harakatlar har bir fuqaroning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashi shubhasiz.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri