Denis Istomin Toshkentda o‘ynaydi
Poytaxtimizdagi "Yunusobod" sport majmuasida tennis bo‘yicha erkaklar o‘rtasida "Grand palace cup" xalqaro turniri o‘tkazilmoqda.
M15 tasnifidagi mazkur musobaqaning juftlik bahslarida nimchorak final uchrashuvlari bo‘lib o‘tmoqda.
Unda hamyurtimiz Maksim Shin yaponiyalik Kazuma Kavachi bilan tandem hosil qilib, 1/8 final bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tdi. Chorak finalda hindistonlik Adil Kalyanpur va Vishnu Vardhan bilan to‘qnash keladigan bo‘ldi.
Ushbu bosqichda yosh tennischilarimiz Rahimbek Ibrohimov va Bobur Madaminov dueti ham nimchorak finalda g‘alabaga erishib, chorak finalda Buyuk Britaniya vakillari Adam Jons va Mettyu Sammers juftligi bilan raqobatlashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, bugun juftlik bahslarida tajribali tennischimiz Denis Istomin neytral tennischi Yevgeniy Karlovskiy bilan birgalikda 1/4 final yo‘llanmasi uchun hamyurtlarimiz Damir Abdusamadov va Amir Milushevga qarshi kortga chiqadi.
Yakkalik bahslarining ilk davrasida esa Rahimbek Ibrohimov – Maksim Shin, Damir Abdusamadov – Sidhart Ravat (Hindiston) uchrashuviga guvoh bo‘lamiz.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA