Bolalar va xotin-qizlar huquqlari davlat himoyasida
Andijonda bola huquqlari himoyasining kafolatlarini yanada kuchaytirish, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning himoya qilish tizimini takomillashtirish hamda oilaviy ajrimlarning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati sudi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Oila va xotin-qizlar viloyat boshqarmalari hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda mamlakatimizda bolalar huquqlari, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar himoyasini kuchaytirish, oilaviy ajralishlarning oldini olishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.


Jumladan, bola huquqlarini himoya qilish, ularning hayoti va sog‘lig‘ini asrash, ta’lim olishi, oilada tarbiyalanishi, har tomonlama kamol topishi uchun zarur sharoitlar yaratish, shu bilan birga, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga zarur yordam ko‘rsatish, huquq va qonuniy manfaatlarini tiklash hamda bunday holatlar takrorlanishining oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilayotganligi qayd etildi.
Viloyatda oilalarni mustahkamlash, oilaviy ajralishlarning oldini olish borasida ham zarur ishlar olib borilmoqda. Joriy yilning 9 oyi yakuni bo‘yicha ajralishlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 72 taga kamaygan. Biroq, bu boradagi mavjud vaziyat ajralishlarning bartaraf etish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirishni taqozo etadi.
Davra suhbatida viloyat, tuman, shaharlardagi Oila va xotin-qizlar maskanlari tomonidan 2026-yilning 9 oyi davomida jami 37 ming 365 ta xizmat ko‘rsatilganligi qayd etildi. Jumladan, 21 ming 416 nafar nikohlanuvchi yoshlar oilaviy hayotga tayyorlash bo‘yicha o‘qitildi, ajrashish arafasida turgan 1 ming 377 ta oila yarashtirildi, nizoli oilalarning 1 ming 459 ta nafar a’zosi “Mas’uliyatli ota-ona kurslari”da o‘qitildi, 852 nafar xotin-qizga huquqiy, 1 ming 24 nafar xotin-qizga psixologik, shuningdek, 329 ta nizoli oilaga metodik, konsultativ va amaliy yordamlar ko‘rsatildi.


Davra suhbatida ishtirokchilar tomonidan mavzu doirasidagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Umuman, bolalar hamda xotin-qizlarning huquq va erkinliklari davlat himoyasida ekanligi alohida qayd etildi.
Yakunda, jabrlangan xotin-qizlarning huquqlarini tiklash, qonunchilikda belgilangan himoya choralarini samarali qo‘llash va mas’ul idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan muhim vazifalar belgilab olindi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri.