Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi xalqaro reytingdan o‘rin oldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi ilk marotaba “UI GreenMetric World University Rankings-2026” xalqaro reytingida ishtirok etib, 672-o‘rinni egalladi va dunyoning reytingdan o‘rin olgan 2,2 mingdan ortiq oliy ta’lim muassasalari qatoridan joy oldi.
“UI GreenMetric World University Rankings” oliy ta’lim muassasalarining barqaror rivojlanish sohasidagi faoliyatini kompleks baholovchi xalqaro reytinglardan biri bo‘lib, unda ekologik barqarorlik bilan bir qatorda energiya va iqlim, chiqindilarni boshqarish, suv resurslari, transport, ta’lim va tadqiqot, boshqaruv hamda raqamlashtirish kabi yo‘nalishlar ham inobatga olinadi.
Akademiya reytingning Governance and Digitalization yo‘nalishida 675 ball qayd etdi. Mazkur ko‘rsatkich boshqaruv jarayonlarini takomillashtirish, raqamli transformatsiyani rivojlantirish va zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini institutsional faoliyatga joriy etish borasidagi ishlarni xalqaro mezonlar asosida namoyon etadi.
Education and Research yo‘nalishida Akademiya 800 ball natijani qayd etdi. Bu ko‘rsatkich ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyatining barqaror rivojlanish kun tartibi bilan uyg‘unligini ifodalovchi muhim indikatorlardan biridir.
Akademiyaning mazkur reytingda ilk marotaba ishtirok etishi xalqaro reytinglar bilan ishlashning yangi bosqichini boshlab bermoqda. Reytingda ishtirok etish jarayoni Akademiyaning mavjud faoliyatini xalqaro indikatorlar asosida tahlil qilish, kuchli jihatlarni aniqlash va rivojlantirish talab etiladigan yo‘nalishlarni belgilash uchun ham muhim institutsional mexanizm bo‘lib xizmat qiladi.
Bugungi kunda barqaror rivojlanish masalalari nafaqat ekologik siyosat, balki zamonaviy davlat boshqaruvi, inson kapitalini rivojlantirish, raqamli transformatsiya, ilmiy-tadqiqot va institutsional samaradorlik bilan chambarchas bog‘liq.
Shu nuqtai nazardan, Akademiyaning xalqaro reytingda qayd etgan ilk natijasi uning ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyatini global barqaror rivojlanish kun tartibi bilan uyg‘unlashtirish, xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirish va institutsional salohiyatini izchil rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
N.Abduraimova,
O‘zA