Davlat rahbarining xalqaro maydondagi tashabbuslari e’tirof etildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor bir qator qonun loyihalari, shuningdek, parlament nazorati faoliyatiga oid masalalar muhokamasi rejalashtirilgan.
Majlis avvalida Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov davlatimiz rahbarining muhim xalqaro anjumanlardagi ishtiroki va ularda ilgari surilgan tashabbuslarning ahamiyati haqida to‘xtaldi.
Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 15-may kuni Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining “Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish” mavzusidagi norasmiy sammitidagi ishtirokiga to‘xtalib o‘tildi.
Qayd etilganidek, mazkur sammitda O‘zbekiston rahbari global texnologik jarayonlarni inobatga olgan holda tashkilot doirasida sun’iy intellekt sohasida strategik hamkorlik tarmog‘ini shakllantirish lozimligini ta’kidladi. Mazkur tashabbus kvant hisoblash texnologiyalari va yagona raqamli makonni yaratish orqali iqtisodiy o‘sishning yangi nuqtalarini belgilashga xizmat qiladi. Shuningdek, mintaqaviy ma’lumotlar almashinuvini ta’minlovchi “Raqamli turkiy koridor konsepsiyasi”ni ishlab chiqish va Toshkent shahrida TDT a’zo davlatlarining Texnologiyalar forumini o‘tkazish taklif etildi.
Spiker ta’kidlaganidek, Turkiy davlatlar tashkilotining mazkur sammiti turkiy davlatlarning o‘zaro hamkorligi va hamjihatligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, Spiker Boku shahrida o‘tayotgan Butunjahon urbanizatsiya forumi va unda O‘zbekiston Prezidentining ilgari surgan tashabbuslari haqida ham to‘xtaldi. Mamlakatimizda shaharlarni barqaror rivojlantirish, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etish borasida qator islohotlar amalga oshirilayotgani, ushbu yo‘nalishga byudjet mablag‘lari ajratilayotgani, shuningdek, sohaning huquqiy asoslari mustahkamlab borilayotganini e’tirof etdi.
M.Komilova,
O‘zA