Davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlari ochiq va oshkora bo‘ladi
Davlat mulkini boshqarish sohasidagi munosabatlar tartibga solinib, qulay investitsiya muhiti yaratilmoqda. Davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish, davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha tizimli islohotlar davom etmoqda.
“Davlat mulkini boshqarish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan bir qator qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Senat yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan mazkur qonun bilan xususiylashtirilmaydigan davlat mulkini, shuningdek, davlat tashkilotini xo‘jalik jamiyati etib o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan e’tiboran va ushbu jarayon yakunlanguniga qadar mazkur davlat tashkilotiga operativ boshqaruv huquqi asosida biriktirilgan davlat mulki garovga berilmasligini belgilovchi norma kiritilmoqda.

“Homiylik to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritilib, ustav fondi (ustav kapitali)dagi davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarining homiylikka sarflanadigan har yilgi xarajatlari o‘tgan yilda olingan sof foydaning 3 foizidan oshmasligi kerakligi qayd etilmoqda.
Mazkur xarajatlar ular biznes-rejasining o‘tgan hisobot davridagi sof foydaga taalluqli qismi ko‘rsatkichlari bajarilganda amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun davlat mulkini boshqarish sohasini takomillashtiradi. Xususiylashtirish jarayonlari ochiq va oshkora bo‘lishini ta’minlaydi.
N.Abduraimova, O‘zA