Nodirbek To‘rabekov: Mamlakatimiz sanoat salohiyati xalqaro maydonda namoyon bo‘ladi
Joriy yilning 27-29-oktabr kunlari Toshkent shahridagi "O‘zekspomarkaz" markaziy ko‘rgazmalar majmuasida "Tog‘-kon ishi, metallurgiya va metallsozlik - MiningMetals Uzbekistan 2026" 20-yubiley xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.
"Iteca Exhibitions" xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi loyiha rahbari Nodirbek To‘rabekov mazkur xalqaro tadbirning tashkiliy jarayonlari, ishtirokchilari va undan kutilayotgan natijalar haqida O‘zA muxbiriga intervyu berdi:
– Poytaxtimizdagi "O‘zekspomarkaz" markaziy ko‘rgazmalar majmuasida uch kun davomida o‘tkaziladigan ushbu ko‘rgazma ishbilarmonlar, ishlab chiqaruvchilar va soha mutaxassislari uchun tajriba almashish, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish hamda zamonaviy texnologiyalar bilan tanishish imkonini beradi.
Bu yil o‘zining 20 yilligini nishonlayotgan "MiningMetals Uzbekistan" mamlakatimizda tog‘-kon sanoati va metallurgiya sohasining yetakchi ko‘rgazmasi hisoblanadi. Unda eng so‘nggi yechimlar va innovatsiyalar namoyish etilib, zamonaviy uskunalar, texnologiyalar hamda sanoatni rivojlantirishga qaratilgan ishlanmalar taqdim etiladi.
Bugungi kunga qadar Avstraliya, Belarus Respublikasi, Eron, Estoniya, Finlyandiya, Germaniya, Hindiston, Ispaniya, Kanada, Koreya Respublikasi, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Serbiya, Tojikiston, Turkiya, Xitoy va O‘zbekiston kabi 18 ta mamlakatdan 162 ta kompaniya va brend o‘z ishtirokini tasdiqlagan.
Ko‘rgazmada konchilik va boyitish texnikasi, metallurgiya va metallsozlik uskunalari, mineral xomashyoni tashish va qayta ishlash yechimlari, shuningdek, raqamlashtirish, avtomatlashtirish va sanoat xavfsizligini ta’minlash texnologiyalari namoyish etiladi. Germaniya milliy pavilon bilan ishtirok etadi. Xitoy va Turkiya ishlab chiqaruvchilarining keng ko‘lamli ekspozitsiyalari ham taqdim etiladi.
Ko‘rgazmaning biznes dasturidan o‘rin olgan asosiy tadbirlardan biri "Resurslardan global imkoniyatlargacha" shiori ostida o‘tkaziladigan 8-O‘zbekiston xalqaro kon-metallurgiya forumi hisoblanadi.
Forum yettita sessiyadan iborat bo‘lib, unda tog‘-kon sanoati va metallurgiyani rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilinadi. Xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida mintaqaviy muloqotni rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalarni o‘rganish, metallurgiya texnologiyalarini O‘zbekiston sanoatiga tatbiq etish, geologik qidiruv va chuqur konlarni o‘zlashtirish, investitsiya va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash hamda sanoatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish masalalariga e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, energiya samaradorligini oshirish va ESG tamoyillariga asoslangan sanoatni barpo etish mavzulari ham kun tartibidan o‘rin olgan. Zero, tog‘-kon metallurgiya sanoati energetika va qurilish sohalarining rivojlanishida ham muhim o‘rin tutadi. Forum ushbu yo‘nalishlardagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va sohadagi hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunga qadar 19 ta davlatdan 40 dan ortiq spiker va moderatorlar hamda 500 dan ortiq delegat forumda ishtirok etishi kutilyapti. O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar ko‘rgazma va forumda qatnashadi. Shuningdek, sohaviy ilmiy-ta’lim institutlari va universitetlar ham tadbirda ishtirok etadi.
Muxtasar aytganda, ushbu ko‘rgazma va xalqaro forum mamlakatimiz sanoat salohiyatini xalqaro maydonda namoyish etish, zamonaviy texnologiyalarni ommalashtirish, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish va tog‘-kon metallurgiya sohasida yangi istiqbollarni belgilash uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri
Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.