O‘rta koridor: O‘zbekiston Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi muhim transport bo‘g‘iniga aylana oladimi? (+video)
Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi savdo aloqalarini rivojlantirishda Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi, ya’ni O‘rta koridorning ahamiyati ortib bormoqda. Bu yo‘nalishning rivojlanishi nafaqat yuk tashish imkoniyatlarini kengaytirish, balki mintaqaviy iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va yangi bozorlarga chiqish uchun ham muhim.
Jahon bankining 28-sentabrda e’lon qilingan hisobotiga ko‘ra, zarur infratuzilma investitsiyalari va islohotlar amalga oshirilsa, yo‘lak bo‘ylab yuk tashish hajmi uch baravardan ko‘proq oshishi, yetkazib berish vaqti esa ikki baravar qisqarishi mumkin. Bu jarayonda koridordagi to‘qqizta mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 3,3 foizga o‘sishi, 2040-yilga borib 2 millionta qo‘shimcha ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Biroq bu salohiyatni ro‘yobga chiqarish katta miqdordagi investitsiyalar va infratuzilmani kompleks rivojlantirishni talab qiladi. Hisobotga ko‘ra, 2040-yilgacha temir yo‘llar, portlar va avtomobil yo‘llarini rivojlantirishga 25 milliard dollardan ortiq, logistika markazlari, ichki terminallar, harakatlanuvchi tarkib va raqamli tizimlarga esa qariyb 30 milliard dollar investitsiya zarur.
O‘zbekiston uchun ham bu jarayon muhim iqtisodiy imkoniyatlarni ochadi. Jahon banki hisobotida O‘rta koridorni rivojlantirish mamlakat yalpi ichki mahsulotining 749 million dollarga o‘sishiga olib kelishi mumkinligi qayd etilgan. Buning uchun yangi temir yo‘l yo‘nalishlarini rivojlantirish, Toshkent, Samarqand va Navoiyda quruq portlar qurish hamda temir yo‘l harakat tarkibini yangilash ustuvor vazifalar sifatida ko‘rsatilgan.
Demak, O‘zbekiston uchun masala faqat xalqaro transport yo‘nalishida ishtirok etishdan iborat emas. Muhimi, mamlakatning geografik joylashuvi va tranzit salohiyatini samarali logistika, tezkor tashuvlar va iqtisodiy natijalarga aylantirishdir. Bu esa infratuzilmani rivojlantirish bilan birga, logistika markazlarini o‘zaro bog‘lash, chegaralardan o‘tish jarayonlarini soddalashtirish va transport operatsiyalarini samarali tashkil etishni ham taqozo qiladi.
Aynan shu masalalar Toshkentda o‘tkazilgan Transkaspiy transport yo‘lagi bo‘yicha ikkinchi milliy konferensiyada muhokama qilindi. Unda O‘zbekistonning xalqaro transport tizimidagi ishtirokini kengaytirish, tranzit salohiyatini oshirish, logistika infratuzilmasini takomillashtirish va yangi investitsiyalarni jalb qilishga doir vazifalar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, amaliy loyihalarni ilgari surish, transport jarayonlarini raqamlashtirish, bojxona tartib-taomillarini uyg‘unlashtirish va yuk tashish samaradorligini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Transport vaziri Ilhom Mahkamovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi va xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda ustuvor transport loyihalarini amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
– O‘rta koridorni Yevropa va Osiyoni 15 kun ichida bog‘laydigan xavfsiz va samarali transport yo‘lagiga aylantirish yo‘lidagi navbatdagi amaliy qadam sifatida ustuvor milliy loyihalar portfelini tayyorladik. Ularning markazida temir yo‘l infratuzilmasi, korporativ islohotlar va tizimli modernizatsiya turibdi. Bu ishlar O‘zbekistonning transport salohiyatini rivojlantirish va xalqaro investitsiyalarni jalb etishga xizmat qiladi.
Transkaspiy koridorining barqaror ishlashi uchun temir yo‘l va avtomobil yo‘llarini zamonaviy logistika markazlari bilan o‘zaro bog‘lash muhim. ESKATOning xalqaro ahamiyatga ega “quruq portlar” ro‘yxatiga O‘zbekistondagi 27 ta transport-logistika markazidan 24 tasi kiritilgan. Mamlakat logistika markazlari va omborlar tarmog‘ini rivojlantirish orqali mintaqaviy tranzit xabi sifatidagi mavqeini mustahkamlashga intilmoqda.
Bu borada mintaqaviy loyihalar ham muhim o‘rin tutadi. Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li O‘rta koridor bilan integratsiyani kuchaytirish va yuk oqimlarini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, Gruziya portlarida O‘zbekiston terminalini barpo etish, ozarbayjonlik hamkorlar bilan qo‘shma korxona tashkil qilish, yangi yuk kemalarini xarid qilish va Kaspiy dengizida qatnovlar sonini ko‘paytirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Marshrutning iqtisodiy jozibadorligini oshirish maqsadida “CASCA+” multimodal yo‘nalishi doirasida temir yo‘l tashuvlariga 70 foizlik chegirmalar joriy etilgan, – dedi vazir.
O‘rta koridorni rivojlantirishga Yevropa Ittifoqining qiziqishi ham uning xalqaro savdo tizimidagi ahamiyati bilan bog‘liq. “Berliner Zeitung” gazetasida Nikolas Butulinning O‘zbekiston transport-logistika strategiyasiga bag‘ishlangan tahliliy maqolasida ham Yevropa Ittifoqining Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyoni Yevropa bozori bilan bog‘laydigan transport yo‘nalishlarini rivojlantirishga qiziqishi yoritilgan.
Unda qayd etilganidek, Yevropa Ittifoqining “Global Gateway” tashabbusi doirasida mintaqadagi transport bog‘liqligini rivojlantirish uchun investitsiyalar jalb qilish ko‘zda tutilgan. 2025-yil aprel oyidagi Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi sammitida mintaqaga qo‘shimcha 12 milliard yevro investitsiya yo‘naltirilishi ma’lum qilingan bo‘lib, shundan 3 milliard yevro bevosita O‘rta koridorga mo‘ljallangan. Germaniya tashqi siyosat jamiyati (DGAP) ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-2025-yillarda Yevropa va xalqaro moliya institutlari tomonidan Markaziy Osiyoda barqaror transport va bog‘liq infratuzilmani rivojlantirish uchun e’lon qilingan mablag‘lar hajmi 22 milliard yevroga yetgan.
Bu ko‘rsatkichlar Yevropa Ittifoqining mintaqadagi transport aloqalarini rivojlantirish va ta’minot yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga bo‘lgan qiziqishini aks ettiradi. Shu bilan birga, e’lon qilingan investitsiya mablag‘larini amalda o‘zlashtirish, ularni aniq loyihalarga yo‘naltirish va transport infratuzilmasining samaradorligini oshirish alohida ahamiyatga ega.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaarning ta’kidlashicha, O‘rta koridor samaradorligini oshirishda transport infratuzilmasini rivojlantirish bilan bir qatorda, xalqaro tashuvlar tartibini ham muvofiqlashtirish muhim.
– Bu chegaralardan o‘tishni yengillashtirish, rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish va yuklarni yetkazib berish vaqtini qisqartirishni anglatadi. Masalan, O‘zbekistondan Yevropa tomon harakatlanayotgan yuklar uchun har bir mamlakatdan alohida ruxsatnoma olish o‘rniga, yagona kelishilgan tizimni joriy etish tashuvlarni tezlashtirishi va yengillashtirishi mumkin. Buning uchun yo‘nalish bo‘ylab joylashgan barcha mamlakatlarning hamkorligi va siyosiy irodasi zarur.
Shuningdek, Kaspiy dengizidagi, avtomobil yo‘llari va boshqa transport tarmoqlaridagi o‘tkazuvchanlik imkoniyatlarini oshirish muhim. Yevropa sanoati va biznesini strategik xomashyo bilan ta’minlashda ishonchli hamkorlar zarur. O‘zbekiston bu borada Yevropa Ittifoqi uchun muhim sheriklardan biri hisoblanadi.
Biz Yevropa biznesini mamlakatga jalb etish, strategik xomashyoni birgalikda izlash va uni Yevropa sanoati ehtiyojlariga muvofiq yetkazib berish masalalari ustida ishlayapmiz. Buning uchun Yevropa investitsiyalari va xaridorlari uchun qulay sharoitlar yaratish, hukumatlar hamda biznes vakillari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishni davom ettirish muhim, – dedi Toyvo Klaar.
Demak, O‘rta koridor Yevropa uchun muqobil transport yo‘nalishi va strategik xomashyo ta’minotini diversifikatsiya qilish vositasi bo‘lsa, O‘zbekiston uchun tranzit salohiyatini iqtisodiy o‘sishga aylantirish imkoniyatidir.
Biroq buning uchun infratuzilmani rivojlantirish bilan birga, bojxona tartiblarini soddalashtirish va davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarur. Ana shunda O‘rta koridor investitsiyalarni jalb qilish, savdo hajmini oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladigan strategik iqtisodiy omilga aylanadi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Yoqub Meliboyev, Anvarxo‘ja Ahmedov (video, montaj), O‘zA