Davlat mukofotlari topshirildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan yurtimiz rivoji yo‘lida mehnat qilayotgan, yosh avlodni Ona-Vatanga sodiqlik ruhida tarbiyalashda sermahsul mehnat qilib kelayotgan qator vatandoshlarimizni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, mustaqilligimizning o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan yig‘ilganlarni tabrikladi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni asosida mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan mukofotlangan vatandoshlarimizga orden, medallar topshirildi.

Taqdirlanganlar nomidan so‘zga chiqqanlar mukofotlarning topshirilishi davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘istonga bo‘lgan alohida e’tibori va g‘amxo‘rligining yana bir ifodasi ekanligini alohida ta’kidlab, buning uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, mamlakatimizning iqtisodiy qudratini oshirish, tadbirkorlik va xususiy sektorni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi farovonligini, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida islohotlar samarasini ta’minlashda jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, Yangi O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan qoraqalpog‘istonlik bir guruh faollar “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlangan edi.

Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri