Davlat granti tanlovi g‘oliblari aniqlandi
Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda 2026-yilgi birinchi davlat granti tanlovi g‘oliblarini tasdiqlash, fuqarolik jamiyati institutlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, nodavlat notijorat tashkilot (NNT)larda faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislarni rag‘batlantirish hamda ijtimoiy loyihalar ijrosi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Majlisda joriy yil may oyida mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash, ekologik muammolarni bartaraf etish, sport maydonchalari, kutubxonalar tashkil etish, ta’lim va sog‘lomlashtirish yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat granti tanlovi e’lon qilingani qayd etildi.
Tanlovga fuqarolik jamiyati institutlaridan jami 943 loyiha kelib tushdi. Parlament komissiyasi tomonidan ular mahallalar ehtiyojlariga mosligi, ijtimoiy ahamiyati, aholini qamrab olish darajasi va kutilayotgan amaliy natijalari asosida baholanib, muhokamalar yakunida tanlov g‘oliblari aniqlandi.
Davlat granti tanlovining barcha bosqichlari ngo.gov.uz platformasi orqali amalga oshirilgani qayd etilib, bu jarayonning ochiq va shaffofligini ta’minlab, ishtirokchilar uchun teng imkoniyatlar yaratgan.

Yig‘ilishda NNTlarda faoliyat yuritayotgan yosh va istiqbolli kadrlarni qo‘llab-quvvatlash masalasi ham muhokama qilindi. Xususan, “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” Davlat dasturi doirasida xalqaro reytinglarning yuqori 500 taligiga kiruvchi xorijiy OTMni tamomlab, NNTda mehnat qilayotgan yosh mutaxassislar lavozim maoshiga qo‘shimcha ustama to‘lash mexanizmi joriy etilgani qayd etildi.
Shu bilan birga, ehtiyojmand aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ijtimoiy loyihalar ijrosi tahlil qilinib, ularning manzilliligi va samaradorligi muhokama etildi.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA