Davlat ekologik ekspertizasi markazi delegatsiyasi Turkiyada xalqaro o‘quv safarida ishtirok etmoqda
Turkiyaning Anqara shahrida strategik ekologik baholash (SEB) va atrof-muhitga ta’sirni baholash (AMTB) masalalariga bag‘ishlangan xalqaro o‘quv safari o‘z ishini boshladi.
Unda Davlat ekologik ekspertizasi markazi delegatsiyasi ishtirok etmoqda.
Anqaradan tashqari Istanbul shaharlarida davom etadigan mazkur tadbir Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) hamda BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (BMT YeIK) ko‘magida tashkil etilgan.
Xalqaro o‘quv safarida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston delegatsiyalari, shuningdek, YeXHT, BMT YeIK va boshqa xalqaro tashkilotlar ekspertlari ham qatnashmoqda.
Tadbirning asosiy maqsadi Turkiyaning strategik ekologik baholash va atrof-muhitga ta’sirni baholash tizimini joriy etish hamda amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tajribasini o‘rganish, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish sohasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iborat.
O‘quv safari dasturi doirasida Turkiyaning Atrof-muhit, shaharsozlik va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi hamda Transport va infratuzilma vazirligida qator ishchi uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, ishtirokchilar milliy qonunchilik, baholash tartib-taomillari bosqichlari, SEBning hududiy rejalashtirish, suv resurslari va qirg‘oqbo‘yi hududlarini boshqarishdagi amaliyoti, shuningdek, AMTBning infratuzilma, transport va energetika tarmoqlarida qo‘llanilishi bilan tanishadi.
Safar davomida yetakchi muhandislik-konsalting kompaniyalari bilan uchrashuvlar va xalqaro ekspertlar taqdimotlari ham tashkil etiladi. Delegatsiya Turkiya kemasozlari uyushmasi hamda «Galataport Istanbul» ob’ektiga tashrif buyurib, yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda ekologik baholashning amaliy jihatlarini o‘rganadi.
Mazkur o‘quv safari davomida egallanadigan bilim va tajribalar, shuningdek, o‘rnatilgan hamkorlik aloqalari milliy ekologik ekspertiza tizimini yanada takomillashtirish hamda barqaror rivojlanish sohasidagi mintaqaviy muloqotni rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA