Davlat byudjetining 51,5 foizi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2026-yil I yarim yillikdagi ijrosi qizg‘in muhokama qilindi.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar–iyun oylarida yalpi ichki mahsulot hajmi 8,5 foizga o‘sib, 1 072,7 trln so‘mni tashkil etgan. Davlat byudjeti daromadlari 207,4 trln so‘mga yetgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 63,2 trln so‘m yoki 43,8 foiz ko‘pdir.
Fraksiya a’zolari Davlat byudjeti xarajatlarining ijtimoiy sohaga yo‘naltirilganligiga alohida e’tibor qaratdilar. Qayd etilganidek, ijtimoiy sohaga ajratilgan mablag‘lar ulushi 51,5 foizni tashkil etgan. Bu ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya va boshqa ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi.
Muhokamalarda deputatlar ushbu ko‘rsatkich Xalq demokratik partiyasi Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarga hamohang ekanligini ta’kidlab, bir qator taklif hamda savollarni o‘rtaga tashladilar.
Xususan, maktablarda darsliklarni yangilash, yangi o‘quv yilida o‘quvchilarni darsliklar hamda sport jihozlari bilan ta’minlash holati, onkologik, kam uchraydigan (orfan) hamda irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish, onalar va bolalar, reproduktiv yoshdagi ayollar salomatligini muhofaza qilish, yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish va davolashga ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirish darajasi pastligi kabi masalalarda savollar ko‘tarildi.
Xalq vakillari byudjet mablag‘larining har bir so‘midan samarali va manzilli foydalanish, ayniqsa, aholi uchun muhim bo‘lgan ijtimoiy sohalarga ajratilgan mablag‘larning o‘z vaqtida va to‘liq o‘zlashtirilishini ta’minlash zarurligini ta’kidladilar.
Muhtarama Komilova, O‘zA