Xalq roziligini ko‘zlagan davlat boshqaruvi va islohotlar samarasi
Taraqqiyot va yangilanishlar davri har bir davlat oldiga zamon bilan hamnafas odimlash, jamiyat va fuqarolar manfaatiga javob beradigan moslashuvchan va samarali boshqaruv tizimini barpo etish vazifasini qo‘ymoqda.
Yangi O‘zbekistonning strategik taraqqiyot yo‘lida amalga oshirilayotgan eng fundamental o‘zgarishlardan biri, shubhasiz, davlat boshqaruvi va ma’muriy islohotlar sohasida tub burilish yaratilganidir.
Xususan, davlat funksiyalarini amalga oshirishda xususiy sektorni jalb qilish bo‘yicha joriy etilayotgan islohotlar davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati natijadorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qolaversa, 2017-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan konseptual g‘oya mamlakatda ma’muriy islohotlarning ijtimoiy va siyosiy poydevoriga aylandi. Ushbu ezgu tamoyil asosida ixcham, ochiq, samarali va eng muhimi, inson qadriga yo‘naltirilgan davlat boshqaruvi tizimini shakllantirish bo‘yicha tizimli va bosqichma-bosqich ishlar boshlandi.

Jumladan, ma’muriy islohotlar tasodifiy yoki vaqtinchalik qarorlar asosida emas, balki mustahkam me’yoriy-huquqiy va strategik dasturlarga suyanib amalga oshirildi. 2017-yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi doirasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan isloh qilishning 6 ta ustuvor yo‘nalishi belgilandi va maxsus “Yo‘l xaritasi” asosida 100 dan ortiq davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish belgilandi. Mahalliy hokimliklarning moddiy-texnik ta’minoti va ularning xodimlari mehnatiga haq to‘lash tizimi qayta ko‘rib chiqilib, mahalliy byudjetlarni shakllantirish va ularni boshqarish bo‘yicha mahalliy organlarning mustaqilligini amalda ta’minlashga erishildi.
Shuningdek, 2019-yilda Prezidentning “Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning strategik vazifalari amalga oshirilishi samaradorligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mas’uliyatini oshirishga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati ishini tashkil etishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilinib, ularga muvofiq Vazirlar Mahkamasi faoliyati samaradorligini oshirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Bosh vazir o‘rinbosarlarining bir vaqtning o‘zida aksiyadorlik jamiyati va kompaniyalari hamda davlat ulushi mavjud boshqa tashkilotlarga rahbarlik qilish amaliyoti bekor qilindi hamda ularning soni optimallashtirildi.
Sohada amalga oshirilgan tub islohotlarning yana biri, bu 2017-yil Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etilganligidir. Har bir tumanda, mamlakat bo‘yicha Davlat xizmatlari markazi, olis hududlarda ularning 100 dan ortiq filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, 600 dan ortiq davlat xizmatlarini yashash joyidan qat’i nazar, eksterritorial tamoyil asosida olish imkoniyati yaratilib, fuqarolar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar soni va xizmat ko‘rsatilishi uchun talab etiladigan muddat sezilarli darajada qisqartirildi, sifat va samaradorlik oshirildi.
Umuman olganda, ma’muriy islohotlarning pirovard va oliy maqsadi – har bir fuqaroning kundalik hayotida yengillik, adolat va farovonlikni ta’minlashdir. Davlat xizmatlari markazlari va “Yagona darcha” tizimi yo‘lga qo‘yilgani bois, fuqarolarning pasport olish, mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish, farzandini bog‘cha yoki maktabga joylashtirish, tadbirkorlikni ro‘yxatdan o‘tkazish kabi yuzlab yumushlari qulay va onlayn shaklda hal etilmoqda. Bu esa idoralardagi uzun navbatlar, qog‘ozbozlik va korrupsiya xavfini nolga tenglashtirmoqda.
Ma’muriy islohotlar markaziy apparatni qisqartirish bilan bir qatorda, vakolat va resurslarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyi bo‘g‘inga – mahallaga uzatishni ta’minladi. Mahallalarda “hokim yordamchisi”, “yoshlar yetakchisi” va “xotin-qizlar faoli” kabi yangi tizimlarning yo‘lga qo‘yilishi davlatning ijtimoiy va iqtisodiy qo‘llab-quvvatlovi bevosita har bir xonadongacha kirib borishiga zamin yaratdi.
Bu borada “Ochiq byudjet” tizimining joriy etilgani fuqarolarning davlat boshqaruvi va byudjet taqsimotidagi ishtirokini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi. Aholining o‘zi ovoz berish orqali mahalliy byudjet mablag‘larini mahallasidagi maktab, yo‘l, tibbiyot muassasasi yoki ichimlik suvi tarmog‘ini yaxshilashga yo‘naltirmoqda. Bu mexanizm orqali so‘nggi yillarda minglab muammo fuqarolarning bevosita tashabbusi bilan o‘z yechimini topdi.
Shuningdek, davlat organlari faoliyatini to‘liq ravishda inson manfaatlariga xizmat qilish tamoyiliga moslashtirish, raqamlashtirish ko‘lamini kengaytirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Ayniqsa, Davlat rahbarining 2022-yil 21-dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonlari ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit, ixcham va zamonaviy tizimini shakllantirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Shu bilan birga, “Raqamli ma’muriyat” va Elektron hukumatni rivojlantirish orqali inson omili va byurokratik to‘siqlarni kamaytirishga erishildi. Markaziy va hududiy ijro organlarida to‘liq elektron hujjat aylanishi tizimiga o‘tildi.
Ushbu islohotlarning eng mustahkam institutsional kafolati sifatida 2023-yil 30-aprel kuni umumxalq referendumi orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni ko‘rsatish mumkin. Yangilangan Bosh qomusimizda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy majburiyati sifatida mustahkamlandi.
Yana bir ijobiy jihat ma’muriy islohotlarning ijobiy shabadasi xususiy sektor va tadbirkorlik sub’ektlari hayotida yaqqol sezildi. Ilgari oylab vaqt va ko‘plab idoralar ostonasini xatlashni talab etadigan hujjatlashtirish jarayonlari bir necha daqiqa yoki soatlarga tushirildi.
Xususan, “Litsenziya” axborot tizimi ishga tushirilishi natijasida 50 dan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar mutlaqo bekor qilindi, 100 ga yaqini muqobil va soddalashtirilgan shakllarga o‘tkazildi. Ayrim davlat funksiyalari, jumladan, loyihalash va baholash ishlari bosqichma-bosqich xususiy sektorga va mustaqil bozorga o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Soliq va bojxona ma’muriyatchiligi ham tubdan qayta ko‘rib chiqildi. Davlat soliq organlari “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlarga biznes yuritishda ko‘maklashishga o‘tdi. Tadbirkorlar tekshiruvlarini ro‘yxatga olishning “Yagona elektron tizimi” joriy etilib, asossiz va noqonuniy tekshirishlarga chek qo‘yildi. Biznes ombudsman institutining vakolatlari kengaytirilib, xususiy mulk va tadbirkorlar manfaati ishonchli himoyaga olindi.
Umuman olganda, mazkur ijobiy o‘zgarishlar ko‘lami va ko‘zlangan yuksak maqsadlarning amaliy ijrosini davlat boshqaruvi va nazoratida Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘rni va ta’sir kuchi sezilarli darajada oshirilganida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Xususan, so‘nggi o‘n yillikda jamoatchilik nazoratining muhim bo‘g‘ini sifatida NNTlarning roli kengaytirilgani bilan bir qatorda, davlat organlari va mansabdor shaxslarning noqonuniy qarorlari yoki xatti-harakatlaridan fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlarini ishonchli himoya qilish maqsadida tizimda ma’muriy sudlar instituti tashkil etildi. Bu esa “davlat – inson uchun” tamoyilining amalda qaror topishiga, ijro hokimiyati faoliyati ustidan adolatli sud nazorati va ta’sirchan jamoatchilik nazorati o‘rnatilishiga xizmat qilmoqda.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlar xalqimizni rozi qilishga hamda Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydonda keng e’tirof etilishiga xizmat qilmoqda. Bu esa mamlakatda amalga oshirilayotgan yangi bosqichdagi islohotlar, olib borilayotgan pragmatik ichki va tashqi siyosatning qanchalik to‘g‘ri va samarali ekanidan dalolat beradi.
Sherzod JO‘RAEV,
yuridik fanlari nomzodi, dotsent,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Ma’muriy va moliya huquqi sho‘’basi mudiri.
O‘zA