Baxtiyor Mustafayev: “Qayta ishlashni rivojlantirish Markaziy Osiyoda yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi”
Bishkek shahrida “Yuqori sifatli rivojlanish va birgalikdagi modernizatsiya” mavzusida VI “Xitoy — Markaziy Osiyo” tahliliy markazlar forumi bo‘lib o‘tdi.
22-23-oktabr kunlari o‘tkazilgan tadbir Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti hamda Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy strategik tashabbuslar instituti tomonidan tashkil etildi.
Forum Xitoy va Markaziy Osiyoning besh davlatidagi yetakchi tahliliy va tadqiqot markazlari vakillarini birlashtirdi. O‘zbekiston tomonidan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi hamda Markaziy Osiyo xalqaro instituti ekspertlari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar birgalikdagi modernizatsiya, transport va raqamli o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish, ishlab chiqarish kooperatsiyasini chuqurlashtirish hamda sun’iy intellektni joriy etish istiqbollarini muhokama qildi. Inson kapitalini mustahkamlash va gumanitar aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Sirkulyar iqtisodiyot masalalariga bag‘ishlangan sessiyasida so‘zga chiqqan SMTI direktori o‘rinbosari Baxtiyor Mustafayev Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy o‘rtasida chiqindilarni qayta ishlash hamda resurslardan takroran foydalanish sohasidagi hamkorlik uchun mavjud imkoniyatlarni qayd etdi. Uning baholashicha, qo‘shma qayta ishlash korxonalarini tashkil etish mintaqaning o‘zida qo‘shilgan qiymat va yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.
B.Mustafayev O‘zbekistonda bunday hamkorlikni kengaytirish uchun barcha zarur sharoitlar shakllanib borayotganini ta’kidladi. Mamlakatda sohaga ixtisoslashgan agentlik tashkil etilgan, chiqindilarni boshqarishda xususiy sektor ishtiroki ortmoqda, chiqindilardan energiya ishlab chiqaruvchi 11 ta zavod qurish bo‘yicha loyihalar portfeli tayyorlanmoqda. Ushbu loyihalarni amalga oshirishda Xitoy texnologik kompaniyalari asosiy hamkorlar sifatida ishtirok etmoqda.
Mintaqaviy istiqbollarga to‘xtalib, SMTI direktori o‘rinbosari Markaziy Osiyoda har yili qariyb 25 million tonna qattiq maishiy chiqindi hosil bo‘lishiga e’tibor qaratdi. Shu bilan birga, milliy bozorlar hajmining cheklanganligi har bir mamlakatda murakkab tarkibli chiqindilarning barcha turlarini qayta ishlashning to‘liq siklini yo‘lga qo‘yishni qiyinlashtirmoqda.
Bunday sharoitda u transchegaraviy qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirishni istiqbolli yechim sifatida ko‘rsatdi. Ushbu yondashuv mintaqa mamlakatlarida ikkilamchi xomashyoni yig‘ish va unga dastlabki ishlov berishni ixtisoslashgan texnologik markazlarda chuqur qayta ishlash bilan bog‘lashni nazarda tutadi. B. Mustafayevning fikricha, Markaziy Osiyoning resurs bazasini Xitoy texnologiyalari va tajribasi bilan uyg‘unlashtirish ushbu kooperatsiyani kengaytirish uchun imkoniyatlar yaratadi.
Mazkur hamkorlikni amaliy rivojlantirish maqsadida SMTI vakili uchta ustuvor yo‘nalishni belgilab berdi.
Birinchi — Markaziy Osiyo mamlakatlaridan Xitoyga standartlarga mos ikkilamchi xomashyo yetkazib berishni kengaytirish. B.Mustafayevning izohlashicha, bunda Xitoy talablariga javob beradigan qayta ishlangan materiallar nazarda tutilmoqda. Mintaqada elektromobillar, akkumulyatorlar va raqamli uskunalardan foydalanish ko‘lamining ortishi ularni qayta ishlash quvvatlarini yaratish hamda olinadigan xomashyoni sotishning barqaror kanallarini yo‘lga qo‘yish dolzarbligini oshirmoqda.
Ikkinchi — qayta tiklanuvchi energetika uskunalarini utilizatsiya qilish va qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma korxonalarni ishga tushirish. SMTI direktori o‘rinbosarining baholashicha, quyosh va shamol elektr stansiyalarining jadal qurilishi uskunalarni foydalanish muddati tugagach qayta ishlashga oldindan tayyorgarlik ko‘rishni talab etadi. Xususan, Xitoy tomonining hamkorligi bilan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan quyosh panellaridan kremniy, kumush va polimerlarni ajratib olish hamda ularni ishlab chiqarishda takroran qo‘llashni yo‘lga qo‘yish mumkin.
Uchinchi — sirkulyar iqtisodiyot sohasida kadrlar tayyorlash uchun qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish. B.Mustafayev O‘zbekiston tomonidan ushbu yo‘nalishda tegishli magistratura dasturi yo‘lga qo‘yilgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti — “Green University” hamkor bo‘lishi mumkinligini qayd etdi. U mutaxassislar tayyorlash yangi korxonalarni malakali kadrlar bilan ta’minlash va mazkur sohada uzoq muddatli hamkorlik uchun asos yaratish imkonini berishini ta’kidladi.
O‘zA