Chorvachilikda klaster samarasi
FOTOREPORTAJ
Davlatimiz rahbari joriy yil 23-iyun kuni Namangan viloyatiga tashrifi doirasida To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Namangan qo‘ychilik klasteri” faoliyati bilan tanishgan edi.
Mazkur loyiha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 29-yanvardagi “Chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilgan.
Majmua negizida zamonaviy logistika xizmati, veterinariya va servis shoxobchalari, shuningdek, mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga mo‘ljallangan savdo nuqtalarini barpo etish rejalashtirilgan. Bu esa yaxlit va uzluksiz klaster zanjirini yaratishga xizmat qiladi.
Jamiyat “Shohidon nurli diyori” MMTP hududidagi 10 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, hozirda bu yerda 15 ming bosh qo‘y parvarishlanmoqda. Jarayonda yuqori mahsuldorlikka ega va Qozog‘iston, Tojikiston hamda Qirg‘izistondan keltirilgan “Arashan”, “Hisor” va “Adelbay” zotlarini mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish ko‘zda tutilgan. Yil oxiriga qadar ish o‘rinlari sonini 280 taga, chorva bosh sonini esa 50 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.
[gallery-30274]
Klasterda joriy etilayotgan zamonaviy parvarish texnologiyalari va ilmiy yondashuv go‘sht yetishtirish hajmi hamda sifatini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi. Texnologik ko‘rsatkichlarga ko‘ra, xorijdan olib kelingan 40–50 kilogramm vazndagi qo‘ylarni uch oy davomida intensiv usulda boqish orqali ularning vaznini 100 kilogrammgacha yetkazish mumkin. Bu esa an’anaviy chorvachilikka nisbatan mahsuldorlikni 45–50 foizga oshirish imkonini yaratadi. Loyiha to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, viloyatda yiliga 35–40 ming tonna sifatli go‘sht mahsuloti ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Bu, o‘z navbatida, bozorlarda go‘sht narxi barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA