Cho‘ldagi 29 ming gektar: yangi sanoat zanjiri sari
Bugun dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi, suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish hamda sanoatni modernizatsiya qilish masalalari tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bunday sharoitda har bir qarich yerdan samarali foydalanish, unumsiz hududlarni iqtisodiy aylanmaga kiritish va zamonaviy texnologiyalar asosida yangi ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish muhim vazifaga aylanmoqda.
O‘zbekistonda keyingi yillarda davlat rahbari tashabbusi bilan investitsiyaviy muhitni yaxshilash, xorijiy kapital va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, qishloq xo‘jaligida yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish hamda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Buxoro viloyatida hayotga tatbiq etilayotgan navbatdagi yirik loyihalardan biri ham ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasidir.
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Xitoyning “Lihua Group” kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Ten She I hamda kompaniya vakili Van Xun Tuni qabul qildi.
Muloqotda bir qarashda oddiydek tuyulgan, aslida esa Buxoro qishloq xo‘jaligi va sanoati uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan masala — cho‘l hududlarini o‘zlashtirish, paxtachilikni zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish va xom ashyodan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan yaxlit ishlab chiqarish zanjirini barpo etish masalalari muhokama qilindi.
Bu hamkorlikning ildizlari 2025-yil iyun oyiga borib taqaladi. O‘sha yilning 12–19-iyun kunlari viloyat hokimi boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safari davomida qator shaharlar rahbariyati, tegishli idoralar va yirik kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bilangina cheklanib qolmasdan, ularni hudud iqtisodiyotining real drayveriga aylantirish, yangi texnologiya va boshqaruv tajribasini olib kirish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish edi.
Aynan shu muloqotlar jarayonida “Lihua Group” kompaniyasi bilan hamkorlik qilish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.

Loyihaning ko‘lamiga nazar tashlasak, uning salmog‘ini yanada yaqqolroq anglash mumkin. Kelishuvga muvofiq, Shofirkon tumanida 20 ming gektar, Romitan tumanida esa 9 ming gektar — jami 29 ming gektar cho‘l yerlarini bosqichma-bosqich o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Bu shunchaki yer maydoni emas. Bu — iqtisodiy aylanmaga kiritilayotgan ulkan resurs, yangi qishloq xo‘jaligi hududlari, zamonaviy agrotexnologiyalar maydoni.
Eng muhimi, bu — paxtani yetishtirishdan tortib, uni qayta ishlash va tayyor mahsulot sifatida eksport qilishgacha bo‘lgan to‘liq sanoat zanjirini shakllantirish imkoniyatidir. Loyiha doirasida xitoylik investorlar bilan hamkorlikda “Jemchujina Romitan” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi.
Dastlabki amaliy natijalar ham allaqachon ko‘zga tashlanmoqda. Ayni paytga qadar Romitan tumanidagi “Qoqishtuvon” hududi, “Ernafas Xo‘jayev” massivida 2 ming gektar yer o‘zlashtirildi. Uning 300 gektariga paxta ekildi. Ya’ni kechagina cho‘l tusida bo‘lgan hudud bugun mehnat, texnologiya va investitsiya uyg‘unligi asosida yangi iqtisodiy makonga aylanmoqda.
Yil yakuniga qadar o‘zlashtirilgan maydonlarni 5 ming gektarga yetkazish, kelgusi yilda esa o‘zlashtirilgan barcha yerlarda paxta yetishtirishni to‘liq yo‘lga qo‘yish maqsad qilingan.
Loyihaning yana bir muhim jihati — unda shunchaki yangi yerlarni o‘zlashtirish emas, balki zamonaviy agrotexnologiyalarni sinovdan o‘tkazish va ularni mahalliy sharoitga moslashtirishga alohida e’tibor qaratilayotganidir. Ayni vaqtda Shinjon texnologiyalari asosida, jumladan, plyonka ostida paxta yetishtirish bo‘yicha tajribalar o‘tkazilmoqda. Bu usullar orqali hududning iqlim va tuproq sharoitiga mos agrotexnologiyalarni aniqlash, suv va boshqa resurslardan samarali foydalanish, hosildorlikni oshirish hamda ishlab chiqarish jarayonlarini zamonaviylashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Bunda xorijiy investorning kapitali bilan birga, uning texnologiyasi, tajribasi va bozorga chiqish imkoniyatlari ham Buxoro iqtisodiyotiga kirib keladi.
Zero, bugungi raqobat muhitida investitsiyaning haqiqiy qiymati faqat uning miqdori bilan emas, balki u bilan birga qanday texnologiya, qanday bilim va qanday bozor kirib kelayotgani bilan ham belgilanadi. Loyihaning uzoq muddatli maqsadi yanada keng. Paxta yetishtirish — jarayonning boshlanishi, xolos. Asosiy maqsad — paxtadan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish zanjirini shakllantirish. Ya’ni xom ashyoni yetishtirish, uni qayta ishlash, ip-kalava va mato ishlab chiqarish, tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini yaratish hamda ularni tashqi bozorlarga eksport qilishgacha bo‘lgan bosqichlarni bir tizimga birlashtirish nazarda tutilmoqda. Bu esa bir vaqtning o‘zida bir nechta muhim natijani ta’minlaydi. Avvalo, cho‘l hududlari iqtisodiy aylanmaga kiritiladi. Yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish hajmi oshadi. Zamonaviy texnologiyalar keng joriy etiladi. Paxta xom ashyo sifatida emas, balki yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotga aylantiriladi. Eng muhimi, eksport geografiyasini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘ladi.

Bugun Buxoro viloyatida investitsiya jalb qilish masalasiga aynan shu nuqtai nazardan yondashilmoqda.
Davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan investitsiyalarni ko‘paytirish, hududlarning mavjud salohiyatidan samarali foydalanish, eksportni kengaytirish va aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan tashabbuslar zamirida ham ana shu maqsad mujassam. Shu ma’noda “Lihua Group” bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha — xorijiy investitsiyani jalb qilishning o‘zi emas, balki uni hudud taraqqiyotining aniq natijasiga aylantirish namunasidir. Uning samarasi dalalardagi hosil, korxonalardagi ishlab chiqarish, yaratilgan yangi ish o‘rinlari, eksport hajmi va aholi farovonligida namoyon bo‘lishi kerak.
Uchrashuvda ham aynan shu masalalar — avval belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, mavjud muammolarni bartaraf etish, ishlarni jadallashtirish va loyihani keyingi bosqichlarga olib chiqish bilan bog‘liq vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri