Tadbirkorlarga yangi raqamli soliq xizmatlaridan foydalanish tartibi tushuntirildi
Soliq qo‘mitasi huzuridagi “Soliq-servis” aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan Xorazm viloyat soliq boshqarmasida tadbirkorlar ishtirokida o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi.
Unda tadbirkorlarga platformada joriy etilgan yangi xizmatlar namoyish qilinib, ulardan foydalanish tartibi amaliy misollar asosida tushuntirildi.
– Bugungi uchrashuvda kassa cheklari va kirim hisobvaraq-fakturalari o‘rtasidagi nomuvofiqliklarni tahlil qilish, rasmiylashtirilgan elektron hujjatlar bo‘yicha yig‘ma jadval shakllantirish, kirim va chiqim hisobvaraq-fakturalari o‘rtasidagi nomuvofiqliklarni tahlil qilish, tovar hisoboti - tovar harakati tahlili, rasmiylashtirilmagan hisobvaraq-fakturalarni aniqlash xizmatlari haqida ma’lumot berildi, – deydi viloyat soliq boshqarmasi xodimi Murod Karimov. –Mazkur xizmatlar orqali tadbirkorlar o‘zlarining hisobvaraq-fakturalari, kassa cheklari va tovarlar harakati bilan bog‘liq ma’lumotlarni mustaqil tahlil qilish, o‘zaro nomuvofiqliklarni aniqlash hamda zarur hollarda ularni bartaraf etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
[gallery-31668]
Tadbirda tadbirkorlarning yangi xizmatlar bo‘yicha fikr-mulohazalari va platformani yanada takomillashtirish, foydalanuvchilar uchun qulayliklarni kengaytirish yuzasidan takliflari ham tinglandi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari