Chempionlar va yoshlar uchrashdi
Mirzaobod tumanidagi Safarbarlik chaqiruv rezervi batalonida yosh harbiy xizmatchilar ishtirokida «Chempion va yoshlar» mavzusida motivatsion uchrashuv o‘tkazildi. Unda sportda yuksak natijalarga erishgan chempionlar o‘zlarining hayotiy va sport tajribalari bilan o‘rtoqlashib, yoshlarni maqsad sari intilish, qiyinchiliklar oldida chekinmaslik va o‘z ustida muntazam ishlashga chaqirdilar.
Tadbir Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi hamda Sirdaryo viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.
Uchrashuvda qora belbog‘ bo‘yicha 1-Dan sohibi, O‘zbekiston sport ustasi, Jahon kubogi sovrindori, uch karra Osiyo va besh karra O‘zbekiston chempioni Sardorbek Mamasoliyev, O‘zbekiston sport ustasi, besh karra O‘zbekiston va uch karra Osiyo chempioni Mirjalol Ahmadov hamda boshqa sport ustalari ishtirok etdi.

Chempionlar yosh harbiy xizmatchilar bilan suhbatda sportdagi ilk qadamlari, mashg‘ulot jarayonida duch kelgan sinovlar, musobaqalardagi kechinmalari va yuqori natijalarga erishish yo‘li haqida so‘zlab berdilar. Ularning tajribasi yoshlarga bir haqiqatni yana bir bor anglatdi: katta g‘alabalar ortida tinimsiz mehnat, kuchli iroda va qat’iy intizom turadi.

Muloqotda sportda muvaffaqiyatga erishish uchun iste’dodning o‘zi yetarli emasligi, muntazam mashg‘ulot, sabr-toqat, o‘z ustida ishlash va maqsadga sodiqlik muhim ekani ta’kidlandi. Ayniqsa, mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish, qiyin vaziyatlarda o‘zini yo‘qotmaslik va yangi maqsadlar sari harakatni davom ettirish zarurligi haqida fikrlar bildirildi.

Sirdaryo viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi Faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi mayor Burhon Abdualimov ham yoshlar bilan muloqotda o‘zining sportga bo‘lgan qiziqishi, erishgan yutuqlari va hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Uning fikrlari sportning inson irodasi va fe’l-atvori shakllanishidagi o‘rnini ochib berishga xizmat qildi.

Uchrashuv davomida sport va harbiy xizmatdagi mushtarak jihatlarga ham e’tibor qaratildi. Intizom, mas’uliyat, jismoniy tayyorgarlik, matonat va Vatanga sadoqat har ikki sohada ham muhim fazilatlar ekani qayd etildi.

Yosh harbiy xizmatchilar chempionlarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, sportda yuqori natijalarga erishish, ruhiy barqarorlikni saqlash va o‘z imkoniyatlarini to‘g‘ri namoyon etish borasida fikr almashdilar.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri