Chekka hududdagi islohotlar partiya rahbari nigohida
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi doirasida Bo‘zatov tumanidagi “Qusxanatau” ovul fuqarolar yig‘inida “mahalla yettiligi” a’zolari bilan uchrashdi.
Unda tuman partiya kengashi vakillari, deputatlar, “mahalla yettiligi” vakillari va hudud aholisi ishtirok etdi. Uchrashuvda mahallada aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmand oilalar bilan manzilli ishlash, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash, shuningdek, hududda mavjud ijtimoiy muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Muloqot davomida “mahalla yettiligi” tomonidan olib borilayotgan faoliyat samaradorligi, davlat organlari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, aholi murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish hamda ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuv davomida “mahalla yettiligi” vakillari va deputatlar hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan o‘zlarining takliflarini bildirdi.

Uchrashuv yakunida aholi farovonligini yuksaltirish, mahallalarda tizimli ishlarni yanada kuchaytirish hamda ijtimoiy muammolarga o‘z vaqtida yechim topish borasidagi vazifalar belgilab olindi.
Partiya fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov tuman markazida faoliyat yuritayotgan “BULTEX PRO” tekstil korxonasi faoliyati va ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif davomida korxonada mehnat qilayotgan xotin-qizlar uchun yaratilgan mehnat sharoitlarini ko‘zdan kechirib, ularning bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi. Ayniqsa, xavfsiz va qulay mehnat muhiti hamda zamonaviy ishlab chiqarish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, mehnat jamoasi bilan muloqot o‘tkazilib, ishchilarning fikr va takliflari eshitildi hamda ularni qo‘llab-quvvatlashga doir ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashildi.
Partiya rahbari Ulug‘bek Inoyatov davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tumanda faoliyat yuritayotgan “Bo‘zatov sanatoriyasi”da ham bo‘ldi.
Mehmonlar davolash muassasasida aholini sog‘lomlashtirish, profilaktika va tibbiy reabilitatsiya xizmatlarini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan davolash xonalari, yaratilgan qulay shart-sharoitlar hamda tibbiy xizmatlar sifati bilan yaqindan tanishdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri