Xorazm viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Xorazmda nikohlar soni kamaydi. Viloyatda 2026-yilning yanvar-iyun oylarida qayd etilgan nikohlar soni 5 ming 900 tani tashkil etib, aholining har mingta kishisiga nisbatan nikoh koeffitsiyenti 5,7 promilleni tashkil etdi.
Eng ko‘p nikoh qayd etilgan hududlar:
Qo‘shko‘pir tumani – 612 ta
Xonqa tumani – 593 ta
Urganch tumani – 588 ta
Hazorasp tumani – 572 ta
Xiva tumani – 552 ta
Shovot tumani – 550 tani tashkil etgan
Viloyatda nikohlar soni 2025-yilning mos davriga nisbatan mingtaga kamaygan.
***
Xorazm viloyat ma’muriy sudi tomonidan Pensiya jamg‘armasining viloyat boshqarmasida qonunchilikni to‘g‘ri qo‘llash, fuqarolarning pensiya ta’minotiga oid huquqlarini ta’minlash, korrupsiyaning oldini olish hamda nizolarni sudgacha hal etish masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Unda viloyat va Urganch tumanlararo ma’muriy sudlari sudyalari hamda boshqarmaning mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Muloqot davomida «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida belgilangan vazifalar, pensiya tayinlash va qayta hisoblash bilan bog‘liq masalalarda qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilish, murojaatlarni o‘z vaqtida hal qilish muammolari muhokama qilindi.
Shuningdek, ma’muriy sudlarda Pensiya jamg‘armasi organlari qarorlari va harakatlari bilan bog‘liq nizolarning kelib chiqish sabablari va oldini olish choralari yuzasidan fikr almashildi.

***
Yangiariq tumanida O‘zLiDeP tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Ishbilarmon ayol – 2026” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi g‘oliblari aniqlandi. Tanlovda mahallalardagi faol va tashabbuskor tadbirkor ayollar ishtirok etib, o‘z biznes loyihalari va mahsulotlarini taqdim etdi.
Tadbir xotin-qizlarning tadbirkorlik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini namoyon etish, ularni yangi g‘oyalar sari rag‘batlantirish hamda mahallalarda bandlikni ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Tanlov davomida ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan biznes loyihalari va mahsulotlar hakamlar hay’ati tomonidan munosib baholandi.
Yakuniy natijaga ko‘ra, Savgan mahallasidagi tadbirkor Maryamjon Xudaynazarova birinchi o‘rinni egalladi.

G‘olib va faol ishtirokchilar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
***
Xiva shahar hokimi Temur Davletov “Dolzarb 40 kunlik” doirasida mutasaddi idora va tashkilotlar rahbarlari bilan birgalikda ko‘hna shaharning Qibla Tozabog‘, Shixlar va Angarik mahallalarida obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Tashrif davomida aholi xonadonlarida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari, tomorqalarni tartibga keltirish, sanitariya-gigiyena holatini yaxshilash hamda hududlarning ozodaligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.

Shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish, xonadonlar va ko‘chalar obodligini yanada oshirish hamda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish yuzasidan mas’ul rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi.
A.Shokirov, O‘zA muxbiri