Chegaralarda narkotik moddalar qanday qo‘lga olinmoqda?
Narkotik moddalar, deganda ko‘proq nasha, ko‘knor, geroin kabilarni tushungan bo‘lsak, tomirlarida igna izlari qolgan yoki xuruj tutib o‘zini yo‘qotgan kimsalarni giyohvand, deb bilar edik. Ammo, bular bugungi kunda eskirgan manzara sifatida tarixga aylanmoqda.
Chunki, shunday sintetik giyohvandlik moddalari paydo bo‘ldiki, ularni aniqlash, chegaralarda ularni ushlab qolish murakkablashib bormoqda. Sintetik vositalarni iste’mol qilayotganlarni aniqlash esa yanada qiyinlashmoqda. Lekin, hushyorlik, qanchalik qiyin bo‘lmasin, xavfga qarshi turish choralarini ko‘rish shart.
Bu borada narkotrafikka qarshi kurashuvchi tuzilmalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda bojxonachilar hamkorligi asosida yangi xavflarga qarshi kurashishning yangi usullarini yaratishga va amaliyotga joriy etishga harakat qilinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi tomonidan Toshkent viloyatidagi “Navoiy” chegara bojxona postiga uyushtirilgan press-turda aynan shu yo‘nalishdagi ishlar ko‘rsatib berildi.
– Narkojinoyatlarga barham berish uchun bu olamda ro‘y berayotgan har bir holatni e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak, - dedi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi bosh ilmiy xodimi Jonibek Yusupov. – Markazimiz xodimlari bu yo‘nalishda chuqur izlanishlar olib bormoqda va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan izchil hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Chetdan kirib kelishi mumkin bo‘lgan hamda narkolaboratoriyalarda ishlab chiqarilayotgan narkotik va sintetik vositalarni aniqlash va ularga qarshi tizimli ravishda kurashish ishlari olib borilmoqda. Aytib o‘tish kerakki, joriy yil 9 oyida respublikamizga giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni kontrabanda qilish bilan bog‘liq 348 jinoyat aniqlanib, 1,5 tonnadan ziyod narkotiklarning kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.
“Navoiy” chegara bojxona posti orqali esa 5 holatda 18,4 kg giyohvandlik vositalari, 2 holatda 201 gramm psixotrop moddalar aniqlangan.
Mazkur bojxona posti bugungi kunda tubdan yangilanib, zamonaviy sharoitlar yaratilgan, eng so‘nggi texnika uskunalari bilan ta’minlangan holda faoliyat yuritmoqda. Chegara orqali yurtimizga kirib kelayotgan yoki chiqib ketayotgan odamlar qanchalik ko‘p bo‘lmasin, ularga qulaylik yaratish, chegarada ushlanib qolmasliklari uchun barcha imkoniyat ishga solinmoqda.
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Rustam Qobulovning aytishicha, odamlarni, yuklarni va avtotransport vositalarini tekshiruvdan o‘tkazishda texnika vositalaridan unumli foydalanilmoqda. Giyohvandlik, psixotrop moddalarni aniqlashda xizmat itlarining ham ko‘magi bor. Ular keyingi paytda sintetik giyohvand moddalarni aniqlashga ham o‘rgatilgan. Bojxona chegarasidagi xavfli illatlardan yana biri – bu korrupsiyadir. Noqonuniy tovarlar, giyohvand moddalarni olib o‘tishga urinadigan kimsalar xodimlarga pora taklif qilishi tez-tez uchrab turadi. Bunday holatlarda xodimlar hushyorlik bilan o‘sha yo‘lovchini chuqurroq tekshirib, noqonuniy holatlarga barham berish chorasini ko‘radi. Gohida irodasi sust xodimlar ham uchrab turadi va ular darhol xizmatdan chetlashtiriladi va javobgarlikka tortiladi.
Jurnalistlar chegara postida yo‘lovchilar, yuklar va transport vositalarini tekshiruvdan o‘tkazish amaliyotini bevosita kuzatish imkoniga ega bo‘ldi. Skaner apparatlarida narkotiklar qanday ko‘rinishda namoyon bo‘lishi avval ushlangan holatlar bo‘yicha ko‘rsatib berildi.
2025 yil 6 avgust kuni Qozog‘istondan “Navoiy” chegara bojxona postiga kirib kelgan fuqaro F.A. boshqaruvidagi yuk avtoulovi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, oshxona stoli xodimlar e’tiborini tortgan. Quyma materiallardan yasalgan stolning og‘irligi shubha uyg‘otgani uchun uni sindirib ko‘rilganda, ichiga yashirilgan 7,9 kg “alfametadol” sintetik giyohvandlik vositasi aniqlangan.
Fuqaro A.E. boshqaruvidagi “Gentra” avtoulovi tekshirilganda, akkumulyator ichiga yashirilgan 683 gramm “mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi aniqlangan.
Press-tur ishtirokchilari “Elektron tijorat” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida bo‘lib, jarayonlar bilan tanishtirildi.
Post boshlig‘i Sherzod Hamidovning aytishicha, joriy yil 9 oyida 20 ta pochta jo‘natmasida 18 kg giyohvandlik moddalarini qabul qilib olgan 3 ta jinoiy guruh a’zolari ushlangan hamda tadbir davom ettirilib, 2 ta yashirin laboratoriya aniqlangan. Misol uchun, karton qutiga joylashtirilgan yumshoq mebel bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, tag qismida umumiy og‘irligi 994 gramm bo‘lgan “mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi borligi aniqlangan.
Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Milliy kinologiya markazi va u yerda xizmatga tayyorlanadigan itlarni ko‘zdan kechirish, xodimlarning ish faoliyati press-tur ishtirokchilarida qiziqish uyg‘otdi. “Aeroport” xonasida yuklar orasidan “gashish” narkotik moddasini adashmay topgan xizmat iti olqishlarga sazovor bo‘ldi.
Joriy yil 9 oyida hududiy bojxona boshqarmalarining kichik inspektor-kinologlari tomonidan Milliy kinologiya markazida maxsus tayyorlangan xizmat itlar yordamida 244 holatda 1 tonnadan ziyod tabiiy giyohvandlik vositalari, 14 holatda 42,6 kg sintetik giyohvandlik vositalari, 70 holatda 43,6 kg psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar aniqlangan.
Markaziy bojxona laboratoriyasi narkotik vositalarni aniqlash va ular bo‘yicha tegishli xulosa berish borasida izchil faoliyat yuritadi. Bu laboratoriyadan nafaqat bojxona, balki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar ham foydalanib kelmoqda.
Joriy yil 9 oyida sud ekspertiza yo‘nalishida giyohvandlik, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi modda deb shubha qilingan 485 murojaat asosida 452 ming 214 ob’ekt bo‘yicha ekspertiza o‘tkazilgan. Natijada 15 ming 682 ob’ekt bo‘yicha 73,3 kg giyohvandlik vositalari, 142 ming 604 ob’ekt bo‘yicha 288,1 gramm psixotrop moddalar, 272 ming 571 ob’ekt bo‘yicha 706,1 kg kuchli ta’sir qiluvchi moddalar aniqlangan.
Giyohvand moddalar bilan bog‘liq ma’lumotlar bilan ish yurituvchi, aholini bu illatlardan ogohlikka chaqiruvchi jurnalistlar press-tur davomida nafaqat sohaga oid yangiliklar, balki mavzuni yoritish bilan bog‘liq muhim jihatlardan chuqur xabardor qilindi.
Norgul Abduraimova, O‘zA