«CAVA U18 Volleyball Championship» musobaqasidan fotoreportaj
Poytaxtimizdagi «Olimpiya shaharchasi»da voleybol bo‘yicha «CAVA U18 Volleyball Championship» xalqaro musobaqasi qizg‘in bahslarga boy tarzda davom etmoqda.
18 yoshgacha bo‘lgan sportchilar ishtirok etayotgan musobaqada qizlar va o‘g‘il bolalar jamoalari g‘oliblik uchun kuch sinashmoqda. Qizlar bellashuvida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston terma jamoalari ishtirok etayotgan bo‘lsa, o‘g‘il bolalar bahsida O‘zbekistonning ikki jamoasi, shuningdek, Qozog‘iston va Qirg‘iziston terma jamoalari maydonga chiqmoqda.
[gallery-29416]
Uchrashuvlar davomida yosh voleybolchilar yuqori jismoniy tayyorgarlik, tezkorlik va jamoaviy o‘yin borasidagi mahoratini namoyon etayotir. Har bir bahs murosasiz va keskin kurashlar ostida kechib, muxlislarga qiziqarli lahzalarni taqdim etmoqda.
Qayd etish joiz, mazkur musobaqa Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida sport hamkorligini mustahkamlash, yosh sportchilarning xalqaro tajribasini oshirish hamda voleybolni yanada ommalashtirishga xizmat qilmoqda.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlari 17-may kuni aniqlanadi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA