Buyuk merosning yangi tayanch nuqtasi jahon media vakillari nigohida
Toshkent va Samarqandda o‘tkazilayotgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh – yangi kashfiyotlar” xalqaro media forumi dunyoning 50 ga yaqin mamlakatidan qariyb 300 nafar yetakchi media vakillari, olimlar, ijodkorlar va raqamli soha mutaxassislarini bir maydonga jamladi.
Ayniqsa, “Euronews”, “CNN”, “BBC” va “Al Jazeera” kabi yetakchi media brendlarining konferensiyada bosh axborot hamkorlari sifatida ishtirok etayotgani uning xalqaro ko‘lami va ahamiyatini yanada oshirmoqda.
Istiqlolimizning 35 yilligi arafasida o‘tayotgan ushbu nufuzli yig‘in o‘lkaning boy sivilizatsion merosini jahon hamjamiyatiga yangicha mazmunda taqdim etish uchun muhim xalqaro maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
Forumning birinchi yalpi sessiyasi “O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi – buyuk merosning yangi tayanch nuqtasi” mavzusida bo‘lib o‘tdi.
O‘zA muxbiri mazkur anjumanning ahamiyati, unda ilgari surilayotgan tashabbuslar va islom sivilizatsiyasi merosini xalqaro axborot makonida keng targ‘ib etish imkoniyatlari xususida forumda ishtirok etayotgan xorijiy OAV vakillari fikrlarini yozib oldi.
Ahmad Al Busaidi, “Oman TV” telekanali muharriri (O‘mon):
– O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqiqatan ham maftunkor maskan. Bu yerda ulkan tarix, boy ilmiy-ma’rifiy meros mujassam. Fikrimcha, mazkur forumning asosiy maqsadi – Islom sivilizatsiyasi markazida amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilgan imkoniyatlar va ilmiy-ma’rifiy salohiyatni xalqaro jamoatchilikka yetkazish, ularning ahamiyatini yanada oshirishdan iborat. Bu juda muhim.
O‘lkangiz muvaffaqiyatlarini keng namoyon etishda bu kabi tashabbuslar yana davom etishini istayman. Zero, O‘zbekiston islom sivilizatsiyasini shunchaki yozma tarix sifatida emas, balki bugungi kun uchun dolzarb bo‘lgan ulkan ma’naviy meros, tinchlik va ma’rifat timsoli sifatida qayta namoyon etmoqda.
Ayrim mamlakatlarda yoki turli ommaviy axborot vositalari maydonida O‘zbekiston hali yetarlicha tanilmagan yoki kam tilga olingan mamlakat, degan qarash bo‘lishi mumkin. Ammo ushbu forumda ishtirok etib, uning ortida turgan ulkan mehnat, tayyorgarlik jarayonlari va yurtingizda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishganimdan so‘ng, menda O‘zbekiston o‘z taraqqiyot yo‘lidan dadil borayotgan va mintaqada yetakchi mavqega ega davlat sifatida qayta namoyon bo‘ldi.
Bu nafaqat mamlakatingiz, balki butun mintaqa uchun ham nihoyatda muhim. Chunki respublikaning taraqqiyoti va uning tarixiy-madaniy merosini dunyoga keng namoyon etishi Markaziy Osiyoning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Fursatdan foydalanib, o‘zbekistonliklarni yaqinlashib kelayotgan Istiqlol bayrami bilan samimiy muborakbod etaman. Yurtingizga taraqqiyot va farovonlik, xalqingizga esa mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va tinchlik-xotirjamlik tilayman.
Parvana Sultanova, “525.az” yangiliklar portali Xalqaro aloqalar bo‘limi rahbari (Ozarbayjon):
– Ushbu nufuzli yig‘inda media sohasidagi yangi yondashuvlar, xususan, sun’iy intellekt bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinmoqda. Bilasizmi, bu texnologiyalarni qanday joriy etish, ulardan samarali va to‘g‘ri foydalanish masalasi bugungi kun uchun juda muhim. Shuningdek, forumda Mirzo Ulug‘bek kabi tarixiy shaxslar va ularning ilmiy merosi haqidagi mulohazalar ham men uchun juda qiziq bo‘ldi.
Anjumanda turli sohalardagi mutaxassis va ekspertlardan yangi trendlar, zamonaviy yondashuvlar va ilg‘or tajribalarni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lyapmiz. O‘ylaymanki, ushbu konferensiya barchamiz uchun, ayniqsa, kelgusidagi faoliyatimizda yangi yondashuvlarni qo‘llash nuqtai nazaridan ancha foydali bo‘ladi.
Pavel Novotni, “Hospodářské noviny” gazetasi iqtisodiy sharhlovchisi (Slovakiya):
– Men yurtingizda to‘rt marta bo‘lganman. Bu yerga birinchi marta 2019-yilda kelgan edim. O‘sha paytdagi O‘zbekiston bilan bugungi O‘zbekistonni solishtirsam, juda katta o‘zgarishlar bo‘lganini ko‘ryapman. Ayniqsa, Toshkent juda zamonaviy shaharga aylanibdi. O‘zbek xalqi mehmondo‘st va xorijliklarga doim do‘stona munosabatda bo‘ladi. Bu yerda bo‘lish menga chindan ham katta zavq bag‘ishlaydi.
Bugungi globallashuv zamonida Markaziy Osiyo mamlakatlarining ahamiyati tobora ortib bormoqda. O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatida xorijiy o‘lkalar bilan samarali, ochiq va faol hamkorlik qilmoqda. Jumladan, Slovakiya va O‘zbekiston o‘rtasida ham iqtisodiy aloqalar rivojlanib bormoqda. Shuning uchun bir-birimizni yaxshiroq anglash, xalqlarimiz madaniyati va qadriyatlarini o‘rganish juda muhim, deb hisoblayman.
Men uchun ushbu konferensiyada ishtirok etishning ahamiyati ham shunda – o‘zbek madaniyati, tarixi va boy merosi haqida yanada ko‘proq bilish imkoniyatiga ega bo‘ldim.
O‘tkir ALIMOV,
O‘zA