Qaysi oliygoh bitiruvchilari eng ko‘p maosh olyapti?
O‘tgan 2025-yilning iyul va 2026-iyun holatiga ko‘ra, bitiruvchilarning respublika miqyosidagi o‘rtacha rasmiy oylik daromadi 4,9 mln. so‘mni tashkil etgan.
Poytaxtda Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan “Bitiruvchilar sifati indeksi” natijalariga bag‘ishlab tashkil etilgan matbuot anjumanida taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, oliygohlar o‘rtasida talabalarning ishga joylashish tezligi, bandlik barqarorligi, daromad darajasi va bandlik shakli borasida tahlil olib borilgan va tahlil doirasida 170 ta oliy ta’lim tashkilotining 249 432 nafar bitiruvchisining mehnat bozoridagi natijalari o‘rganilgan.
Qayd etilishicha, ta’lim yo‘nalishlari kesimida o‘rtacha daromad:
Ijod (sport) yo‘nalishlari — 6,33 mln. so‘m;
Amaliy fanlar — 5,5 mln. so‘m
Ijtimoiy-gumanitar fanlar — 4,61 mln. so‘m;
Tibbiyot fanlari — 4,43 mln. so‘mni tashkil etgan.
Bitiruvchilarning o‘rtacha daromadi eng yuqori bo‘lgan ta’lim tashkilotlari orasida:
Toshkent shahridagi “S.A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti” federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasi filiali — 23,4 mln. so‘m.
Toshkent shahridagi Inha universiteti — 12,6 mln. so‘m
Toshkent xalqaro Vestminster universiteti — 12,5 mln. so‘m
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti — 10,6 mln. so‘m
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti — 10,3 mln. so‘m
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti — 9,4 mln. so‘m
Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti. — 9,3 mln. so‘m
G.V. Plexanov nomli Rossiya iqtisodiyot universiteti Toshkent filiali — 9,0 mln. so‘m
Toshkent davlat yuridik universiteti — 8,4 mln. so‘m
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti — 8,1 mln. so‘mdan iborat.
Bunda rasmiy qayd etilgan daromadlar nazarda tutiladi. Indeksni hisoblashda bitiruvchining daromadi u istiqomat qilayotgan hududdagi o‘rtacha ish haqi bilan solishtiriladi.
“Bitiruvchilar sifati indeksi” bo‘yicha bitiruvchilar soni eng ko‘p bo‘lgan Toshkent shahrida indeksning o‘rtacha qiymati 60 ballni tashkil etgan. Eng yuqori o‘rtacha natija esa Navoiy viloyatida 62,5 ball darajasida qayd etilgan.
Keyingi yuqori natijalar:
Surxondaryo viloyatida 62,1 ball
Buxoro viloyatida 59 ball;
Qashqadaryo viloyatida 58,5 ball;
Namangan viloyatida 58,3 ball qayd etilgan.
Eng past o‘rtacha indeks Qoraqalpog‘iston Respublikasida 49,5 ballni tashkil etgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA