Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi faoliyati: hamkorlik, standartlar va yangi tashabbuslar
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari hamda tibbiy buyumlar bilan ta’minlash, sohadagi xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish va laboratoriya imkoniyatlarini zamonaviy standartlarga moslashtirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Markaz tomonidan qo‘shni davlatlar bilan tajriba almashish, mahalliy ishlab chiquvchilarni qo‘llab-quvvatlash, laboratoriya sinovlari ko‘lamini oshirish hamda nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash yo‘nalishida bir qator muhim tadbirlar amalga oshirildi.
Muloqot davomida dori vositalari va tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, sifat va xavfsizlik nazoratini takomillashtirish hamda sohani davlat tomonidan tartibga solish bo‘yicha tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif doirasida Tojikiston delegatsiyasi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining zamonaviy laboratoriyalari faoliyati bilan yaqindan tanishib, farmatsevtika mahsulotlarini ekspertiza va sifat nazoratidan o‘tkazish jarayonlari hamda laboratoriyalarning texnik imkoniyatlari haqida ma’lumot oldi.
***
Dori vositalari ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar vakillari ishtirokida navbatdagi onlayn muloqot o‘tkazildi.
Unda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi hamda Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining mas’ul xodimlari ishtirok etib, sohadagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdi.
Muloqot davomida «NANO PHARMACEUTICALS» MCHJ tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun taqdim etilgan 7 nomdagi dori vositasi bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida taqdim etilgan hujjatlar, belgilangan talablarga muvofiqlik hamda mavjud amaliy masalalar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, jarayonni yanada takomillashtirish va yuzaga kelayotgan masalalarni tezkor hal etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
Bu kabi onlayn muloqotlar mahalliy korxonalarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlari bo‘yicha mavjud masalalarini bevosita muhokama qilish, jarayonlarning shaffofligini ta’minlash hamda soha vakillari bilan samarali hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
***
Mamlakatimizda aholi salomatligini ishonchli va sifatli dori vositalari bilan ta’minlash, farmatsevtika mahsulotlarining sifati va xavfsizligini xalqaro talablar asosida nazorat qilish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Mazkur yo‘nalishda laboratoriya bazasini mustahkamlash, zamonaviy tahlil usullarini amaliyotga joriy etish va sinovlarning xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» davlat muassasasi Sinov markazining (O‘ZAK.SL.0151) akkreditatsiya sohasi O‘z DSt ISO/IEC 17025:2019 standarti talablari asosida kengaytirildi. Natijada Sinov markazining akkreditatsiya sohasiga 14 ta yangi sinov usuli kiritildi.
Jumladan, dori vositalari tarkibidagi moddalarni aniqlash va miqdorini belgilash, umumiy oqsil hamda insulin tarkibidagi rux miqdorini aniqlash, in’eksiya uchun mo‘ljallangan dori vositalari qadoqlarining germetikligini tekshirish, gel-elektroforez usuli yordamida dori vositalarining miqdoriy tarkibi, chinligi va aralashmalarini aniqlash, shuningdek, erkin formaldegid miqdorini belgilash bo‘yicha yangi sinovlar yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, vaksinalar, zardob preparatlari va mikrobiologik tahlillar yo‘nalishida ham yangi sinovlar akkreditatsiya doirasiga kiritildi. Ular qatorida Anti-A va Anti-B gemagglyutininlari hamda vena ichiga yuboriladigan inson immunoglobulinidagi Anti-D antitanachalarini aniqlash sinovlari mavjud.
Akkreditatsiya sohasining kengayishi Sinov markazining zamonaviy laboratoriya imkoniyatlarini yanada oshirib, dori vositalari sifati va xavfsizligini xalqaro tan olingan talablar asosida baholashga xizmat qiladi.
Bu esa farmatsevtika mahsulotlari ustidan sifat nazoratini kuchaytirish va aholi salomatligini ishonchli himoya qilish borasidagi muhim qadamlardan biridir.
***
Xitoyning Guangdong provinsiyasida faoliyat yurituvchi «Zhuhai Hongbang Medical Science & Technology Co., Ltd.» (Hinbon) kompaniyasiga O‘zMSt ISO 13485:2025 sifat menejmenti tizimi sertifikati topshirildi. Sertifikat kompaniya vakiliga Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori o‘rinbosari Mirzohidjon Qodirov tomonidan tantanali ravishda topshirildi.
Ma’lumot uchun, Hinbon kompaniyasi 2013-yilda tashkil etilgan bo‘lib, EKG apparatlari, bemor holatini kuzatuvchi monitorlar, homila yurak faoliyatini nazorat qiluvchi CTG monitorlari va pulsoksimetrlar kabi tibbiy jihozlarni ishlab chiqaradi. Kompaniya mahsulotlari Osiyo, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlariga eksport qilinadi.
Ta’kidlash joiz, O‘zMSt ISO 13485:2025 — tibbiy jihozlar ishlab chiqaruvchilar uchun sifat standarti bo‘lib, kompaniyada mahsulotlarni ishlab chiqarish, nazorat qilish va sifatini ta’minlash jarayonlari belgilangan xalqaro talablarga muvofiq yo‘lga qo‘yilganini tasdiqlaydi. Oddiy qilib aytganda, mazkur sertifikat ishlab chiqaruvchining tibbiy jihozlarni barqaror sifatda ishlab chiqarish, ularning xavfsizligi va belgilangan talablarga muvofiqligini ta’minlash bo‘yicha tizimli yondashuvga ega ekanini ko‘rsatadi.
Korxonaning bunday sertifikatga ega bo‘lishi tibbiy jihozlar ishlab chiquvchilari uchun nafaqat mahsulot sifatini ta’minlash, balki xalqaro bozorlarga chiqish va turli mamlakatlardagi hamkorlar bilan ishlash imkoniyatlarini kengaytirishda ham muhim ahamiyatga ega.
***
2026-yil 8-11-dekabr kunlari Gongkongda bo‘lib o‘tadigan GHWPning 30-yubiley yillik yig‘ilishiga tayyorgarlik, tadbirning tashkiliy va mazmuniy jihatlari, shuningdek, ishtirokchilar doirasini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda GHWP vitse-raisi, «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» direktori Alisher Temirov tomonidan o‘ndan ortiq davlatning vakolatli organlarini GHWP faoliyatiga faol jalb etish, ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish hamda Gongkongdagi yillik yig‘ilishda ishtirok etishga taklif qilish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi.
Bu tashabbuslar tibbiy jihozlarni tartibga solish sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, mamlakatlar o‘rtasida ilg‘or tajriba almashinuvini kuchaytirish va milliy tartibga solish tizimlarini xalqaro yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan.
Ma’lumot uchun: GHWP — tibbiy jihozlarni tartibga solish sohasida turli davlatlarning vakolatli organlari va ekspertlarini birlashtiruvchi xalqaro platforma. Tashkilotning asosiy maqsadi ushbu sohadagi tartibga solish talablarini uyg‘unlashtirish, tajriba almashish va ilg‘or xalqaro amaliyotlarni joriy etishga ko‘maklashishdan iborat.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi GHWP doirasida O‘zbekistonning xalqaro tartibga solish tizimidagi ishtirokini kuchaytirib, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va milliy amaliyotga joriy etish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga faol hissa qo‘shmoqda. Markaz direktori Alisher Temirovning GHWP vitse-raisi sifatidagi faoliyati esa ushbu yo‘nalishdagi xalqaro muloqot va hamkorlikni yanada kengaytirish uchun muhim imkoniyat yaratmoqda.
Mohigul Qosimova, O‘zA