Buxoroda xalqaro tennis turniri
Buxoroda Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) musobaqalari taqvimidan joy olgan erkaklar o‘rtasidagi “Fyuchers” turniri boshlandi.
Buxoroda Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) musobaqalari taqvimidan joy olgan erkaklar o‘rtasidagi “Fyuchers” turniri boshlandi.Musobaqaning ochilishiga bag‘ishlangan marosimda mamlakatimizda sportning Olimpiada dasturiga kiritilgan turlari, jumladan, tennisni rivojlantirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Nafaqat poytaxtimiz, balki mamlakatimizning boshqa shaharlarida jahonning turli davlatlari raketka ustalari ishtirokidagi xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazilayotgani ham buning isbotidir.
Turnirda O‘zbekiston, Belarus, Bolgariya, Rossiya, Qozog‘iston, Chexiya, Xitoy Taypeyi, Serbiya, Gretsiya, Gruziya, Shveytsariya, Bosniya-Gersegovina va boshqa mamlakatlar vakillari ishtirok etmoqda.
Yakshanba va dushanba kunlari 32 nafar raketkachi ishtirokidagi saralash bahslari bo‘lib o‘tdi. Unda mahoratda ustun kelgan sakkiz nafar sportchi musobaqaning asosiy to‘ridan o‘rin olgan 24 nafar tennischi safiga qo‘shildi.
Musobaqada mamlakatimiz sharafini asosiy to‘rda 6 nafar tennischi himoya qilmoqda. Yakkalik va juftlik musobaqalaridan iborat xalqaro turnir 16-aprelga qadar davom etadi.