Buxoroda Osiyo xotin-qizlarining nufuzli forumi
Joriy yilning 13–15-may kunlari qadimiy va navqiron Buxoro shahrida Osiyo xotin-qizlarining II forumi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon yetakchi ayollari muloqotining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tadi. Mazkur anjuman xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash, ularning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy faolligini yanada oshirishga qaratilgan muhim xalqaro muloqot maydoni sifatida ahamiyat kasb etadi.
Forumda 40 dan ortiq xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning nufuzli vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Jumladan, Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlarining ayol a’zolari, hukumat vakillari, diplomatik korpus xodimlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar ekspertlari anjuman doirasida o‘zaro tajriba almashadi.
“Ayollarga investitsiya – barqaror o‘sish asosi: xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusida tashkil etiladigan forumda bugungi kunda dunyo hamjamiyati uchun dolzarb bo‘lgan qator masalalar muhokama qilinadi. Xususan, xotin-qizlarni davlat va jamiyat boshqaruviga keng jalb etish, siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonlarida ularning ishtirokini kuchaytirish, iqtisodiy mustaqillik va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ilm-fan va ta’lim sohalarida imkoniyatlarni kengaytirish kabi muhim yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, forum doirasida ilm-fan, innovatsiya va sun’iy intellekt sohalarida ayollar faolligini oshirish, raqamli muhitda xavfsizlikni ta’minlash hamda ijtimoiy himoya masalalariga bag‘ishlangan to‘rtta parallel sessiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu esa xotin-qizlarning zamonaviy taraqqiyot jarayonlaridagi o‘rni va salohiyatini yanada namoyon etishga xizmat qiladi.
Anjuman doirasida “Ilm-fanda ayollar yetakchiligi: zamonaviy chaqiriqlar, innovatsion yechimlar va ilmiy hamkorlik” mavzusida Olima ayollar forumi ham tashkil etiladi. Unda ilm-fan sohasida faoliyat yuritayotgan olima va tadqiqotchilarning zamonaviy yondashuvlari, innovatsion g‘oyalari va xalqaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilinadi.
Tadbirning yana bir e’tiborli jihati, milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi bo‘ladi. Unda mamlakatimizning to‘qimachilik, kulolchilik, ipakchilik, charm-poyabzal sanoati, naqsh o‘ymakorligi va eksportbop oziq-ovqat mahsulotlari namoyish etiladi. Shu bilan birga, xotin-qizlar tomonidan amalga oshirilayotgan muvaffaqiyatli loyihalar, innovatsion startaplar va eksport salohiyati yuqori bo‘lgan mahsulotlar taqdimoti ham o‘tkaziladi.
Qadimiy Buxoro shahrida o‘tkazilayotgan mazkur nufuzli forum nafaqat xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, balki mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish va barqaror taraqqiyotga xizmat qiluvchi muhim xalqaro muloqot maydoniga aylanishi bilan ahamiyatlidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri