“Buxoro tajribasi”: samaradorlik va ijobiy natija
Buxoro viloyatida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, soliq intizomini mustahkamlash hamda aholida qonuniy xarid madaniyatini shakllantirishga qaratilgan “Buxoro tajribasi” asosida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar nafaqat tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish, balki davlat byudjeti tushumlarini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayniqsa, “Soliq” mobil ilovasidan samarali foydalanish, xarid cheklarini ro‘yxatdan o‘tkazish va keshbek tizimi orqali aholining faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda viloyat soliq boshqarmasida turli idora va tashkilotlar xodimlari ishtirokida seminar tashkil etildi.

Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning aprel oyida Buxoro viloyatida qariyb 130 ming nafar fuqaro 560 milliard so‘mlik xarid cheklarini “Soliq” ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazgan. Natijada ularga 5,2 milliard so‘m miqdorida keshbek qaytarilgan. Biroq ushbu ko‘rsatkich hozircha faol aholining atigi 10 foizini qamrab olgani, bu yo‘nalishda hali katta imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Seminar davomida ishtirokchilarga “Soliq” ilovasining yashirin iqtisodiyotni oldini olish, soliq to‘lovlarini shaffoflashtirish va qonuniy faoliyatni rag‘batlantirishga xizmat qiluvchi boshqa imkoniyatlari haqida ham batafsil ma’lumot berildi.

Shu bilan birga, “Buxoro tajribasi” doirasida viloyatning barcha hududlarida nazorat tadbirlari ham kuchaytirildi. Soliq organlari, YPX hamda transport inspeksiyasi mas’ullaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan yuk tashish sohasida qonunchilik talablariga rioya etilishi o‘rganilmoqda. Xususan, tovar-transport yuk xatlarining mavjudligi va ularni elektron shaklda rasmiylashtirish holati nazoratga olingan.
O‘tkazilayotgan tadbirlar jarayonida norasmiy faoliyat yuritayotgan yuk tashuvchilarga amaldagi qonunchilik talablari tushuntirilib, ularning faoliyatini qonuniylashtirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda.
Jumladan, Jondor, Kogon va Qorovulbozor tumanlarida o‘tkazilgan reydlarda 10 dan ortiq hujjatsiz yuk tashish holati hamda 20 ga yaqin tovar-transport yuk xatisiz xizmat ko‘rsatish holati aniqlandi. Qonunbuzilishlar yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.

Mutaxassislarning fikricha, xarid cheklarini talab qilish madaniyatini keng ommalashtirish, raqamli nazorat mexanizmlarini joriy etish va norasmiy faoliyatga qarshi tizimli choralar ko‘rish orqali yashirin iqtisodiyot ulushini sezilarli darajada kamaytirish mumkin. “Buxoro tajribasi” esa bu borada amaliy samara berayotgan muhim mexanizm sifatida e’tirof etilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.