Bugun: gazetalarni varaqlaganda...
Bugungi gazetalarni o‘qing!
“Yangi O‘zbekiston”ning bugungi sonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga tashrifining ikkinchi kuni tafsilotlariga bag‘ishlangan sharh berilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 22-oktabr kuni Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay’ati raisi Baqitjan Sag‘intayev hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi raisi Pere Joan Pons Sampetronni qabul qilgani to‘g‘risida xabar beradi. “Logistika – dunyoga ochilish yo‘li” tahliliy maqolasida ko‘tarilgan masalalar o‘quvchini befarq qoldirmaydi. – Dengizga bevosita chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston uchun tashqi bozorlarni ochish, yuklarning harakatlanish muddati va xarajatini qisqartirish, avvalo, qo‘shni davlatlar bilan chegaradan o‘tish jarayonlarining samaradorligi va o‘zaro transport bog‘liqligini ta’minlashga bevosita bog‘liq, deb yozadi O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom Mahkamov. Maqolani albatta, o‘qing. “Mushtarak manfaatlar, investitsiya va iqtisodiy hamkorlik istiqbollari”, “Shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlashdagi strategik qadam”, “Yosh avlodni ertangi kunga tayyorlash”, “Baxtiyor bolalikdan boshlanar yorqin kelajak”, ”Donishmand ustozning ma’rifat mayog‘i”, “O‘qituvchining yuksak qadri” kabi maqolalarda yangilanayotgan jamiyat manzaralari va yangi davr nafasini his qilasiz.
“Xalq so‘zi” ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga qilgan safari tafsilotlarini yoritishga alohida e’tibor qaratgan. Bu haqda “Bunyodkorlik ruhi Qashqadaryoning yangi qiyofasini yaratmoqda” sahifasi orqali xabardor bo‘lishingiz mumkin. Maqolada davlat rahbarining “Viloyatning shahar va tumanlarida, mahallalarida bo‘lgan o‘zgarishlarni, tadbirkor, investor, yoshlarning ko‘zlaridagi shijoatni ko‘rib, juda katta kuch olim” degan so‘zlariga urg‘u berilgan. Shuningdek, gazeta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 22-oktabr kuni Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay’ati raisi Baqitjan Sag‘intayevni hamda mamlakatimizda amaliy tashrif bilan kelgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi raisi Pere Joan Pons Sampetronni qabul qilgani to‘g‘risida ham xabar bergan. “Samarqand deklaratsiyasi – bolalar saodati yo‘lidagi tarixiy hujjat”, “O‘zbekiston – YeXHT: Parlamentlararo munosabatlar rivojlanmoqda”, “O‘quvchilar salomatligi – sifatli ta’lim kafolati”, “Mehnat migratsiyasi bo‘yicha dolzarb masalalar muhokamasi”, “Inson qadri, farovon hayot va imkoniyatlar mezoni”, “Millat ruhining qanoti” kabi maqolalar, sahifalarda inson omili, islohotlar, bugungi yutuqlar – hayot haqiqatlari aks etgan.
“Jadid”ning bugungi soni Mahmud Qoshg‘ariy bobomizning mashhur “Devonu lug‘atit turk” asari muqaddimasida bitilgan ushbu so‘zlari bilan boshlangan: “Bular (turkiylar)ga yaqin bo‘lish uchun eng asosiy yo‘l – ularning tillarida so‘zlashishdir, chunki ular bu tilda so‘zlashuvchilarga yaxshi quloq soladilar, o‘zlarini yaqin tutadilar, ularga zarar bermaydilar. Hatto ular o‘z panohida turgan boshqalarning gunohini ham kechib yuboradilar”... Gazeta bosh muharriri, O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzoning “O‘zimizning O‘z g‘oyamiz” nomli maqolasini, albatta, o‘qing. “Ehtirom amalda ko‘rinsin”, Bitiruvchi portreti”, “Til va kelajak”, “Og‘zibirchilik vositasi”, “Millat sharafi himoyachisi”, “Ikki Sa’dullaning bir taqdiri”, “Yaxshilar bor yaxshimyam...” kabi maqolalarda inson va jamiyat uyg‘unligi, olam va odam, jadidlar nafasi aks etgan. Bahodir Isoning “Yurtim, qanday sevmayin seni?” manzumasi qalbingizda aks-sado berib turadi:
Ota bo‘lib silading boshim,
Onam bo‘lib berding oppoq sut.
Osmonimda bo‘lib quyoshim,
Erkalatding doim, ona yurt.
Shunday sevib tursang sen meni,
Yurtim, qanday sevmayin seni?..
Ostonangdan bir qadam jilsam,
Sog‘inchlarga to‘ladi jonim.
Sen ekansan men endi bilsam,
Tanmda jon, O‘zbekistonim!
Jonday sevib tursang sen meni,
Yurtim, qanday sevmayin seni?
“Adolat” “Alifbo o‘zgardi” sahifasi bilan boshlanadi. – Tashvishlanishga emas, mamnun bo‘lishga asoslar keragidan ortiq, deb yozadi muallif. Odatda alifbo islohoti haqida gap ketganda, ko‘pchilikni birinchi navbatda uning kundalik hayotga ta’siri qiziqtiradi. Ba gal ham shunday bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlar chek-chegarasiz savollar bilan “portladi”.
Endi barcha hujjatlarimizni almashtirishimiz kerakmi?
Qo‘limizdagi pullar nima bo‘ladi?
Avval rasmiylashtirilgan shartnomalar va boshqa hujjatlar amal qilaveradimi?
Ko‘chalardagi peshlavha va ko‘rsatkichlar qachon o‘zgaradi?..
Maqolada ushbu savollarga aniq javoblar berilgan. “So‘zimizda, ongimizda, vijdonimizda”, “Prokurorlar ham kitobxon bo‘lssa...”, “Yangi O‘zbekistonga bo‘lgan ishonch iqtisodiy qudratga aylanmoqda” kabi maqolalarda inson va jamiyat takomilida kitobning roli, yangilanayotgan O‘zbekiston va uning istiqboli haqida so‘z boradi.
A.Narzulloyev, O‘zA