BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
“Yangi O‘zbekiston”da chuqur tahlilga asoslangan bir qator maqolalar e’lon qilingan.Ularni o‘qirkansiz, turli mavzulardagi maqolalarni bir-biri bilan bog‘lab turadigan muhim bir jihatni ilg‘aysiz, bu – O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yillik shodiyonalari ruhi.
Ayniqsa, oxirgi o‘n yillikda mamlakatda yuz bergan ijobiy o‘zgarishlar, islohotlarning chekka- chekka hududlargacha, har bir ko‘cha, xonadongacha kirib borgani, borayotgani samimiy tasvirlab berilgan. “Ishonchli qo‘ldadir Vatan taqdiri!”, “Dunyo kahkashonidagi buyuklik qudrati”, “Yangi O‘zbekistondagi ulug‘vor uyg‘onish nasimlari tarannumi”, “Yorug‘ kunlar qadri”, “Taxtako‘pirning buguni va kelajagi” kabi sahifalarda amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lami, yutuqlar, kecha va bugun, o‘zgarayotgan jamiyat manzaralari aks etgan. O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “Yo‘lboshchi” nomli sururnomasi chin ma’noda bugungi kun haqiqatlarini o‘zida aks ettirgani bilan ko‘ngillardan joy oladi:
Markaziy bu Osiyoning alplarin bedor etib,
Qancha xalqu el-ulusning qalblarin bedor etib.
Qondosh, jondosh elatlarning nizosin to‘xtatolgan,
Ko‘ngillarga mehru shafqat ham umid uyg‘otolgan.
Bag‘ri kengu mehr to‘la uylari ham ayvoni,
Zamon bo‘ldi, ey yoronlar, o‘zbeklarning zamoni...
“Xalq so‘zi”da ham yaqinlashayotgan eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz ruhi aks etgan maqolalar, fotolar va dilnomalar aks etgan. “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yarataylik!” sahifasi, “Ochiq va oqilona siyosatning beqiyos samaralari”, “Yangi O‘zbekistonning ma’naviy qudrati”, “Suv tekin emas, endi uning hisobi yuritiladi”, “O‘zbekiston – mintaqadagi yetakchi iqtisodiy va investitsiya markazi” kabi maqolalar muhim, dolzarb masalalarga bag‘ishlangani bilan e’tiborli. Gazetaning bugungi sonidan joy olgan “Daryodil” dostoni xuddi daryo mavjlaridek yuraklarga yangi davr epkinlarini olib kiradi. Muallif, atoqli shoir O‘tkir Rahmat dostonga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning quyidagi so‘zlarini epigraf qilib olgan: “Xudo menga sog‘liq bersa, umr bersa, bizda kambag‘allik va ishsizlik bo‘lmaydi. Nimaga desangiz, bunga men yetti yil umrimni tikdim. Tizim yaratdim, qonun yaratdim, dunyoni ochib berdim. Xalqim yaxshi yashasin, niyatlari amalga oshsin, bolalari baxtli bo‘lsin, nevaralari sog‘lom tug‘ilsin, maktabi ishlasin, yo‘llari ravon bo‘lsin deb ishga keldim...”. Dostonga shoir quyidagi satrlar ila nuqta qo‘yadi. Unda ko‘p millatli xalqimiz niyatlari ham aks etganini ko‘rasiz:
Dunyo shunday talato‘p, hayot shunday sir ekan,
Masofalar uzoqdir, bitmaydi suronli yo‘l,
Yashnatmoqning ishqida yashaydi bir daryodil,
Bir daryodil odamki, Vatan degan, xalq degan!
Bunda niyatlar oliy, bunda maqomlar ulkan,
Eng ulug‘ dovonlarni mudom ko‘zlab borar u,
Mehru muhabbatini qalbga so‘zlab borar u,
Bir daryodil odamki, Vatan degan, xalq degan!..
Illo, yo‘llaring oydin, baxtu omading kulgan,
Masrurliging bardavom, tinchliging ham bardavom,
Shunday daryodil bo‘lsin xalqim boshida mudom,
Bir daryodil odamki, Vatan degan, xalq degan!
“Jadid”ning bugungi sonida e’lon qilingan shoira Zarifa Eraliyevaning “Shukrona” nomli she’ri Vatanga samimiy muhabbat o‘laroq yangraydi:
Har tong poyimizga nur to‘shar quyosh,
Dillarni uyg‘otar Hurlik bahori.
Chechaklar kulgusi toshlarga talosh,
Qushlar sayrog‘ida Tinchlik alyori.
Elga madadkorim, yurtga yelkadosh –
Suyib suyanganim, jon-jahonimsan.
Bag‘ringda har millat do‘st-inoq, dildosh,
Toshkent viloyatim, sharaf-shonimsan!...
Manzuma ushbu satlar bilan xotima topgan:
Bugun sening bag‘ring nurdan yorug‘roq,
Mening-da, g‘ururdan balanddir boshim.
Bu yurtdan armonlar ketsin deb yiroq,
Baxt – tamal toshini qo‘ydi Yurtboshim!
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Sultonmurod Olimning “Tarqqiyot va media” maqolasi, Otabek Isroilovning “Kaspiy qirg‘oqlarida” nomli qardoshlik hissi to‘la safarnomasi, Zarnigor Ibrohimovaning “Samodagi o‘zbeklar” faxrnomasi, Ashurali Jo‘rayevning “Haloskor” maqolasi, va albatta, taniqli jurnalist, yozuvchi Abdulhamid Muxtorovning shoir Shahriyor Shavkatning Afg‘oniston safari taassurotlari aks etgan “Hirotga, bobomning huzuriga!” kitobi tahliliga bag‘ishlangan “Safarnoma saboqlari” nomli mulohazalari e’tiborni tortadi. Maqolalarni mazza qilib o‘qiysiz. Ularda yorqin lahzalar, egilib, bukilib sinmagan haqiqat, olam va odam, inson taqdiri, o‘zidan yorqin iz qoldirgan zotlar nafasini his qilasiz.
“Ishonch”ning bugungi soni – o‘ziga xos. Gazeta jamoasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga shunday yuzlanadi: “Bundan 6-7 asr ilgari bu yurtda ko‘tarilgan muazzam bayroq o‘z atrofida jahonni birlashtirgan, o‘ziga qaratgan edi. Oradan qariyb yetti asr o‘tib, uzoq yillar ko‘zdan panada qolgan o‘sha bayroq bugun yana hilpiray boshladi. Bu bayroq bugungi Yangi O‘zbekistonning bayrog‘idir. Bugun jahon uzra mag‘rur hilpirayotgan ushbu bayroqni Siz ko‘tardingiz, muhtaram Shavkt Miromonovich!“
Taniqli jurnalist Abdulhamid Muxtorovning “Yangi O‘zbekiston: illyuziyadan ro‘shnolik tomon” maqolasini, albatta, o‘qing. “Zominda zamonaviy ziyo maskani” sahifasi, Zomin tumanida siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning “MILLLAT SHAVKATI” kitobi taqdimotiga bag‘ishlangan tadbirdan tayyorlangan “Xalqimiz ma’naviy-ma’rifiy hayotidagi muhim voqea sahifasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ahmadjon Meliboyevning “Tomirlari bir elmiz” maqolasi, jurnalist Anvar Samadovning “Evrilish manzaralari” nomli maqolasi va shoira Sayyora To‘ychiyevaning “Yagona Vatanmiz, bitta xalqdirmiz!” she’ri, hamma-hammasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlarni, xususan oxirgi o‘n yillikda tom ma’noda yangilangan O‘zbekiston qiyofasi, qolaversa, ushbu islohotlar ortida turgan Bosh me’mor – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qiyofasini ko‘rib turasiz.
Bugungi gazetalarni o‘qing.
A.Narzulloyev, O‘zA