Bugun – Butunjahon ruhiy salomatlik kuni
So‘nggi yillarda mamlakatimizda bu yo‘nalishda qator muhim ishlar amalga oshirilmoqda. SSV Matbuot xizmati tomonidan tashkil etilgan brifingda Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Zarif Ashurov bu boradagi yutuqlar va kelgusidagi rejalar haqida batafsil ma’lumot berdi:
– Prezidentimizning 2023-yilda qabul qilgan tegishli qarori asosida psixiatriya va narkologiya xizmatlari yagona tashkiliy-uslubiy tizimda muvofiqlashtirildi. Bu tashxis, davolash va reabilitatsiya jarayonlarining o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirishga xizmat qildi.
Shuningdek, birlamchi tibbiy bo‘g‘inda ruhiy va narkologik muammolarni erta aniqlash bo‘yicha oltita klinik algoritm ishlab chiqildi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining MEDIGAP dasturi asosida shifokorlar malakasi oshirildi.
2023-yildan buyon PhD va fan nomzodlari soni 70 foizga, Doctor of Sciens va fan doktorlari soni esa 40 foizgacha oshdi. Endigi asosiy vazifamiz mavjud xizmatlarni aholiga yanada yaqinlashtirish va ularning samaradorligini oshirishdan iborat.
Bunda birinchi navbatda 2027-yildan mahalla, oila tamoyili asosida xizmatlarni muvofiqlashtirish ko‘zda tutilmoqda. Markazning 14 ta hududiy filiali va 209 ta tuman-shahar darajasida multidissiplinar jamoalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu nima beradi? Eng muhimi, fuqaro zarur tibbiy va psixologik yordamni imkoni boricha yashash joyiga yaqin manzilda oladi.
Ikkinchidan, muhim vazifamiz – profilaktikani kuchaytirish. Oila, mahalla va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda, ayniqsa, bolalar va yoshlar orasida ruhiy buzilishlar hamda qaramlik xavflarini erta aniqlash va oldini olishga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, oilaviy poliklinika darajasida erta aniqlash tizimi kengaytiriladi. Oilaviy shifokorlar dastlabki baholashni amalga oshirib, zarurat bo‘lganda bemorni mutaxassisga, ya’ni psixiatr, narkolog yoki tibbiy psixologga yo‘naltiradi. Yana bir muhim yo‘nalish – bemorni faqat statsionar sharoitda emas, balki kunduzgi qatnov, uy sharoitida qo‘llab-quvvatlash va reabilitatsiya xizmatlari orqali ham qamrab olish.
Dunyo olimlari nigohi ham O‘zbekistonda. 2027-yilning 24-27-iyun kunlari Toshkentda Jahon psixiatrlar assotsiatsiyasining kongressi o‘tkazilishi rejalashtirilgani bundan dalolat. Biz uchun asosiy natija muassasalar yoki o‘rinlar soni emas. Asosiy mezon ruhiy muammolarni vaqtida aniqlash, profilaktika qamrovini kengaytirish, davolashning uzluksizligini ta’minlash va insonning hayot sifatini yaxshilashdir. Zero, ruhiy salomatlikka e’tibor inson qadriga e’tibordir.
Mohigul Qosimova,
O‘zA