O‘zbekiston tabiatida qanday o‘zgarishlar kechmoqda? Geobotanik olim bilan suhbat
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti Geobotanika laboratoriyasi kichik ilmiy xodimi Jasur Sadinov bilan suhbatimizda geobotanikaning ilmiy va amaliy ahamiyati, O‘zbekiston cho‘llari va yaylovlarida kechayotgan ekologik o‘zgarishlar, iqlim o‘zgarishining o‘simliklar dunyosiga ta’siri, kamyob turlarni muhofaza qilish hamda raqamli texnologiyalarning tabiatni o‘rganishdagi imkoniyatlari haqida so‘z yuritdik.
Geobotanikani o‘simliklarni sanab chiqish emas, balki tabiatning «tili»ni o‘qish, deb ta’riflash mumkinmi? O‘simliklar bizga hudud haqida nimalarni aytib beradi?
– Albatta, geobotanikani ma’lum ma’noda tabiatning «tili»ni o‘qish deb ta’riflash mumkin. Chunki geobotanikada asosiy ob’ekt alohida o‘simlik emas, balki o‘simliklar jamoasi — fitotsenoz hisoblanadi. Biz bir hududda qanday turlar uchrashinigina emas, qaysi turlar dominant ekanini, ularning o‘zaro nisbati, proyektiv qoplami, yarusliligi, zichligi, mahsuldorligi, mavsumiy holati va muhit bilan munosabatini ham o‘rganamiz.
Har bir o‘simlik jamoasi uzoq vaqt davomida muayyan tuproq, iqlim, namlik, sho‘rlanish, relef va antropogen ta’sir sharoitida shakllanadi. Shu sababli fitotsenozni o‘sha hudud ekologik sharoitining «tirik pasporti» deb atash mumkin. Masalan, qumli cho‘llarda saksovul va qandimlar, kuchli sho‘rlangan pastqamliklarda galofitlar, daryo vodiylarida to‘qay o‘simliklari ustun bo‘lishi tasodifiy emas. Ularning har biri muayyan ekologik sharoit bilan bog‘liq.
Bugun geobotanika an’anaviy dala kuzatuvi bilan cheklanmaydi. GIS, masofadan zondlash, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari, statistik modellashtirish va raqamli ma’lumotlar bazalari qo‘llanilmoqda. Botanika institutining 2025–2029-yillarga mo‘ljallangan «Raqamli tabiat» dasturida ham tarixiy va zamonaviy geobotanik ma’lumotlarni bir tizimda jamlash, ekologik shkalalar yaratish va o‘simlik qoplamidagi o‘zgarishlarni raqamli tahlil qilish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.
Buning ahamiyati shundaki, masalan, 30–40 yil oldin yozilgan geobotanik qaydnomani bugungi holat bilan solishtirsak, o‘sha joyda qaysi turlar kamaygan, qaysi turlar ko‘paygan, o‘simlik qoplami siyraklashganmi, yaylov mahsuldorligi o‘zgarganmi — bularning barchasini ko‘rish mumkin. Demak, o‘simliklar nafaqat hozirgi muhitni, balki ma’lum ma’noda hududda kechgan ekologik jarayonlar tarixini ham «aytib beradi».
Bir hududda qaysi o‘simliklar o‘sishiga qarab, uning tuprog‘i, namligi va ekologik holati haqida xulosa chiqarish mumkinmi?
– Ha, mumkin. Bu geobotanika va o‘simliklar ekologiyasining muhim amaliy yo‘nalishlaridan biri — fitoindikatsiya deb ataladi. O‘simlik turlarining muhit omillariga talabi bir xil emas. Ayrim turlar sho‘rlanishga, boshqalari qumli tuproqqa, ayrimlari namlikka, yana boshqalari esa suv tanqisligiga moslashgan.
Masalan, sarsazan (Halocnemum strobilaceum) va ayrim sho‘ralar ustun bo‘lgan jamoalar kuchli sho‘rlangan sharoit haqida ma’lumot berishi mumkin. Oq va qora saksovul, qandim kabi o‘simliklar qumli va qurg‘oqchil muhit bilan bog‘liq. To‘qay o‘simliklarining tarkibi esa daryo rejimi va yer osti suvlari holatiga juda sezgir. Lekin bu yerda muhim qoida bor: bitta turni ko‘rib yakuniy xulosa qilinmaydi. Uning boshqa turlar bilan birgalikdagi tarkibi, mo‘lligi, tuproq va relef sharoiti ham hisobga olinadi.
Bizda bu yo‘nalishda aniq natijalar ham bor. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida tarqalgan 358 ta o‘simlik turining 33 ta ekologik omilga nisbatan ekologik shkalasi ishlab chiqildi. Bu ma’lumotlar turlarning muhitga munosabati, ekologik amplitudasi va noqulay sharoitlarga sezgirligini baholash imkonini beradi.
Hozirgi «Raqamli tabiat» dasturida bu yondashuvni Ustyurt platosi, Sharqiy chink, Amudaryo deltasi, Shimoli-G‘arbiy, Markaziy va Janubi-G‘arbiy Qizilqum kabi qurg‘oqchil tabiiy-geografik hududlarga kengaytirish, ya’ni mintaqaviy ekologik shkala yaratish ko‘zda tutilgan.
Yana bir qiziq natija: Qoraqalpoq Ustyurtida o‘tkazilgan statistik modellashtirishlarda qoraboyalish va shuvoq jamoalari mahsuldorligida iqlim omillarining ta’siri kuchli ekani, biyurg‘un (Anabasis salsa) ishtirok etgan ayrim jamoalarda esa tuproq omili cheklovchi ahamiyat kasb etishi aniqlangan.
Bu bir hududda o‘sadigan turlarning o‘zi ham muhit o‘zgarishiga bir xil javob bermasligini ko‘rsatadi.
Bugun O‘zbekistonda qaysi hududlarda o‘simlik qoplami eng ko‘p o‘zgaryapti va bu o‘zgarishlarga asosiy sabab nima?
– Bu savolga «eng ko‘p o‘zgarayotgan bitta hudud» deb javob berish ilmiy jihatdan to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki O‘zbekistonning turli tabiiy zonalarida o‘zgarish sabablari turlicha. Lekin hozirgi tadqiqotlardan kelib chiqib, Orolbo‘yi va Orol dengizining qurigan tubi, Ustyurt, Qizilqumning turli qismlari, Qarshi cho‘li, quyi Amudaryo to‘qaylari va antropogen bosim yuqori bo‘lgan ayrim tog‘oldi-yaylov hududlari alohida e’tibor talab qiladi.
Eng dinamik hududlardan biri, albatta, Orolqum. Orol dengizining qurigan tubida nisbatan qisqa vaqt ichida yangi quruqlik, sho‘rxok maydonlar va yangi o‘simlik jamoalari paydo bo‘lmoqda. Orol dengizining qurib qolgan tubida olib borilgan dala tadqiqotlari, GIS va masofadan zondlash ma’lumotlari asosida 3,18 million gektardan ortiq hudud raqamli inventarizatsiyadan o‘tkazildi.
Qizilqum va Qarshi cho‘lida esa o‘simlik qoplamining o‘zgarishiga qurg‘oqchilik, iqlimning isishi, shamol eroziyasi, sho‘rlanish, chorvaning notekis joylashtirilishi va me’yordan ortiq o‘tlatish kabi omillar birgalikda ta’sir qiladi.
Botanika instituti tadqiqotlarida Janubi-G‘arbiy Qizilqum uchun zamonaviy dastlabki yaylov tasnifi ishlab chiqilib, yaylov xillari bo‘yicha geobotanik, ekologik va xo‘jalik ahamiyatiga ega kadastr ko‘rsatkichlari shakllantirildi. Bu ma’lumotlar o‘simlik qoplami siyraklashgan, shamol eroziyasi va degradatsiya belgilari kuchaygan maydonlarni ajratish imkonini bermoqda.
Shimoli-G‘arbiy Qizilqumda bir necha yil davomida olib borilgan bosqichma-bosqich tadqiqotlar natijasida hududning geobotanik tasnifi takomillashtirildi. Yakuniy ma’lumotlarga ko‘ra, 15 ta geobotanik rayon va 7 ta geomorfologik birlik ajratildi, 370 ta yem-xashak o‘simlik turi qayd etildi, 20 ta yaylov tipiga mansub 101 ta yaylov xili tavsiflandi hamda qariyb 4,3 million gektar yaylov maydoni raqamlashtirildi.
Umuman, muammo respublika miqyosida ham jiddiy. 2025-yildagi rasmiy ma’lumotlarda O‘zbekistonda qariyb 21 million gektar yaylov mavjudligi, ularning 50–70 foizi turli darajada inqirozga uchragani, 11 million gektar maydonda tabiiy yem-xashak hosil qilish salohiyati pasaygani qayd etilgan.
Demak, bugun masala faqat «o‘simlik kamayib ketyaptimi?» degan savol emas. Qaysi tur kamayyapti, uning o‘rnini qaysi tur egallayapti, yaylovning yem-xashak qiymati qanday o‘zgaryapti — asosiy masala shunda.
Iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va yerdan noto‘g‘ri foydalanish o‘simliklar tarkibini qanday o‘zgartirmoqda? Bu jarayonni geobotanik tadqiqotlar orqali oldindan ko‘rish mumkinmi?
– Avvalo, jamoaning tur tarkibi va turlar o‘rtasidagi nisbat o‘zgaradi. Namlikka nisbatan talabchan, chorva yaxshi iste’mol qiladigan turlar kamayishi, aksincha, qurg‘oqchilikka, sho‘rlanishga yoki antropogen bosimga chidamli turlar ko‘payishi mumkin. Natijada o‘simlik qoplami siyraklashadi, yaylovning yem-xashak qiymati pasayadi, tuproq ochilib qoladi va shamol eroziyasi xavfi ortadi.
Suv tanqisligi to‘qay ekotizimlariga ayniqsa kuchli ta’sir qiladi. Daryo suv rejimi o‘zgarishi bilan yer osti suvlarining sathi, tuproq namligi va sho‘rlanishi ham o‘zgaradi. Bu esa o‘simlik jamoasi tarkibida o‘z aksini topadi. Amudaryo, Sirdaryo va Zarafshon vodiylaridagi to‘qaylar bo‘yicha tadqiqotlarda ham yashash muhitining degradatsiyasi va iqlim o‘zgarishi sharoitida ekotizimlarning barqarorligini baholashga alohida e’tibor qaratilgan.
Bu jarayonni oldindan ko‘rish mumkinmi? Ha, zamonaviy geobotanikaning eng muhim vazifalaridan biri aynan prognoz qilishdir.
Buning uchun bir necha turdagi ma’lumot birlashtiriladi: tarixiy geobotanik qaydnomalar, zamonaviy dala kuzatuvlari, meteorologik ma’lumotlar, tuproq ko‘rsatkichlari, masofadan zondlash va sun’iy yo‘ldosh tasvirlari.
Masalan, Buxoro, Navoiy va Qarshi cho‘li bo‘yicha to‘plangan 692 ta geobotanik qaydnoma xalqaro GIVD standartlari asosida raqamlashtirildi. Bunday arxiv ma’lumotlarini bugungi ma’lumotlar bilan solishtirish orqali bir necha o‘n yillik o‘zgarishni ko‘rish mumkin.
Yana bir muhim bosqich — kelajak iqlim ssenariylarini modellashtirish.
Botanika institutining 2025–2029-yillarga mo‘ljallangan dasturida yaylov tiplarining maydoni va dominant o‘simliklar holatini to‘rt xil iqlim ssenariysida baholash, ularni «qulaylik», «tolerantlik» va «ingibirlanish» holatlari bo‘yicha modellashtirish hamda iqlim xavfiga beriluvchanlik indeksini ishlab chiqish nazarda tutilgan.
Bu kelajakda qaysi yaylovlar mahsuldorligini saqlab qoladi, qaysilari xavf ostida bo‘ladi va chorva yuklamasini qayerda o‘zgartirish kerakligini ilmiy asosda prognoz qilishga xizmat qiladi.
-Yaylovlarning holatini o‘simliklar tarkibiga qarab aniqlash mumkin. Bugun qaysi o‘simliklar yaylovlarimiz uchun «signal» bo‘lib xizmat qilyapti?
– Bu yerda bir oz ehtiyotkor bo‘lish zarur. Tabiatda «bu yaxshi o‘simlik, bu yomon o‘simlik» degan juda sodda yondashuv to‘g‘ri emas. Bir tur tabiiy jamoada mutlaqo normal komponent bo‘lishi, boshqa sharoitda esa uning keskin ko‘payishi ekologik o‘zgarish belgisi bo‘lishi mumkin.
Shuning uchun geobotanik uchun asosiy signal — turning o‘zi emas, o‘simliklar nisbatining o‘zgarishi.
Masalan, shuvoqzor yaylovda shuvoqning keskin kamayishi, yaxshi yeyiluvchan efemer va efemeroidlarning qisqarishi, ular o‘rnida chorva kam yeydigan bir yillik yoki begona turlarning ko‘payishi yaylov bosimi kuchayganini ko‘rsatishi mumkin.
Qizilqum va Ustyurtda biz uchun oq yer shuvog‘i (Artemisia terrae-albae), qoraboyalish, biyurg‘un (Anabasis salsa), saksovullar (Haloxylon spp.), qandimlar (Calligonum spp.) kabi dominantlar muhim axborot beradi. Ular nafaqat yaylov tipini belgilaydi, balki iqlim va tuproq omillariga javob reaksiyasi bilan ham ahamiyatli.
Sho‘rlangan hududlarda sarsazan, yulg‘un va boshqa galofitlar esa tuproq sho‘rlanishi va gidrologik sharoit haqida signal beradi. Lekin, masalan, sarsazanning tabiiy sho‘rxokda o‘sishi degradatsiya belgisi emas. Ushbu jamoa tabiatan shu sharoit uchun xos bo‘lishi mumkin.
Yaylov degradatsiyasini baholashda biz yana proyektiv qoplam, yeyiluvchan massa hosildorligi, zaharli va begona turlar ulushi, tuproq yuzasining ochilishi va chorva bosimini ham hisobga olamiz.
Shu ma’noda o‘simliklar haqiqatan ham erta ogohlantiruvchi indikatorlar vazifasini bajaradi. Muammo hali iqtisodiy zarar darajasiga yetmasdan turib, o‘simlik jamoasidagi o‘zgarish uning dastlabki belgilarini ko‘rsatishi mumkin.
Geobotanik tadqiqotlar faqat ilm-fan uchun emas, qishloq xo‘jaligi, yaylovlar va tabiatni muhofaza qilishda qanday aniq amaliy foyda beradi?
– Geobotanikaning amaliy ahamiyati juda katta. Eng sodda qilib aytganda, u «yerdan qancha, qachon va qanday foydalanish mumkin?» degan savolga ilmiy javob beradi.
Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining 16,66 million gektar umumiy maydonidan 14,2 million gektar yaylov va pichanzorlar kadastri ishlab chiqildi. Bu respublika umumiy maydonining qariyb 85,2 foiziga teng.
Har bir kontur bo‘yicha 21 ta asosiy ko‘rsatkich hisobga olinadi: yaylov tipi va xili, maydoni, tuprog‘i, o‘simlik bilan qoplanishi, floristik tarkibi, suv bilan ta’minlanganligi, boniteti, yeyiluvchan va umumiy oziqa massasi, oziqa qiymati, mavsumiy foydalanish, chorva bosimi, o‘tlatish me’yori, degradatsiya darajasi va iqtisodiy ko‘rsatkichlar.
Demak, bunday kadastr oddiy «o‘simliklar xaritasi» emas. U boshqaruv vositasi.
Masalan, uning asosida muayyan yaylovda nechta shartli bosh chorva boqish mumkinligi, qaysi faslda foydalanish maqbulligi, qaysi uchastkaga vaqtincha dam berish kerakligi, qayerda degradatsiya xavfi yuqoriligi va qaysi maydonda tiklash tadbirlari zarurligi aniqlanadi.
Bu tajriba hozir Qizilqumning boshqa qismlariga ham kengaytirilmoqda. Janubi-G‘arbiy Qizilqum bo‘yicha yuqori detallikdagi tasnif va kadastr ishlari amalga oshirilmoqda. Qarshi cho‘li uchun geobotanik va kadastr xaritasi yaratilgan.
2025–2029-yillarga mo‘ljallangan dasturda esa Navoiy va Buxoro viloyatlari yaylovlarining kadastri va raqamli xaritalarini yaratish belgilangan. Dastur materiallarida Navoiy uchun 11 million gektar, Buxoro uchun 4 million gektarlik hudud ma’lumotlarini kadastr resurslariga integratsiyalash ko‘zda tutilgan.
Yakuniy maqsad — Qoraqalpog‘iston, Navoiy va Buxoro bo‘yicha ma’lumotlarni yagona choksiz raqamli resursga birlashtirish.
Unda nafaqat hozirgi yaylov holati, balki iqlim ssenariylarida qaysi yaylov xili qanchalik xavfga beriluvchan ekani ham ko‘rsatiladi. Bu chorvachilikni rejalashtirish uchun juda muhim.
Shuning uchun geobotanika qishloq xo‘jaligiga ham, ekologik monitoringga ham, hududiy rejalashtirishga ham, tabiatni muhofaza qilishga ham xizmat qiladi.
-Siz olim sifatida O‘zbekistonning o‘simlik dunyosiga qarab, kelajak uchun eng katta xavf nimada deb o‘ylaysiz?
– Menimcha, kelajakdagi eng katta xavf alohida bir omilda emas, balki iqlim o‘zgarishi va antropogen bosimning bir vaqtda kuchayishida. Qurg‘oqchilik, yuqori harorat, suv tanqisligi va sho‘rlanish tabiiy ekotizimlar uchun o‘ziga xos stress omillari hisoblanadi. Ularga me’yordan ortiq chorva boqish, suv rejimining buzilishi, yerlarni o‘zlashtirish, infratuzilma qurilishi va yashash muhitlarining parchalanishi qo‘shilganda o‘simlik jamoalarining tabiiy tiklanish imkoniyati pasayadi.
Bu jarayonning xavfi faqat ayrim o‘simlik turlarining kamayishi bilan cheklanmaydi. O‘simlik jamoasining tarkibi va tuzilishi o‘zgarishi, ekologik jihatdan muhim dominant turlarning ulushi kamayishi, ular o‘rnida antropogen bosimga chidamli yoki yem-xashak qiymati pastroq turlarning ko‘payishi mumkin. Bu esa yaylov mahsuldorligi va bioxilma-xillikning pasayishi bilan birga, tuproqni shamol eroziyasidan himoya qilish, qumlarni mustahkamlash va ekotizim barqarorligini ta’minlash kabi tabiiy funksiyalarga ham ta’sir ko‘rsatadi.
Bizning Qoraqalpog‘iston, Qizilqum, Qarshi cho‘li, Buxoro va Navoiy hududlarida olib borilayotgan geobotanik tadqiqotlarimiz ham shuni ko‘rsatadiki, o‘simlik qoplamini baholashda faqat uning maydoni emas, balki tur tarkibi, dominantlar holati, proyektiv qoplam, mahsuldorlik, degradatsiya darajasi va iqlim omillariga sezgirligi ham hisobga olinishi kerak.
Shu sababli kelajakda tabiiy ekotizimlarni baholash faqat «qancha gektar ko‘kalamzorlashtirildi?» degan ko‘rsatkich bilan cheklanmasligi lozim. Qaysi turlar saqlandi, tabiiy o‘simlik jamoasi qay darajada tiklandi, tanlangan turlar mahalliy tuproq va iqlim sharoitiga mosmi, o‘simlik qoplami uzoq muddatda barqaror bo‘ladimi — mana shu savollar ham muhim.
Aynan uzoq muddatli geobotanik monitoring bunday o‘zgarishlarni erta aniqlash, xavfli tendensiyalarni baholash va tabiiy ekotizimlarni saqlash bo‘yicha ilmiy asoslangan qarorlar qabul qilish imkonini beradi.
-
– Birinchi navbatda, albatta, kamyob, endemik va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlarga e’tibor berish zarur.
O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobining oltinchi nashriga 317 ta yuksak gulli o‘simlik turi kiritilgan, shundan 24 turi mazkur nashrga ilk bor kiritilgan. Bu ro‘yxatlar dala tadqiqotlari, populyatsiyalar monitoringi va zamonaviy tarqalish ma’lumotlari asosida qayta ko‘rib chiqilgan.
Masalan, Greyg lolasi (Tulipa greigii), Kaufman lolasi (Tulipa kaufmanniana) va boshqa kamyob lola turlari uchun gullarni nazoratsiz terish, chorva boqish, yerlarni o‘zlashtirish va yashash muhitining qisqarishi asosiy xavflardan hisoblanadi.
Lekin men bu savolga faqat Qizil kitob nuqtai nazaridan javob berishni istamas edim.
Biz ekotizimni ushlab turgan oddiy, lekin funksional jihatdan juda muhim turlarni ham asrashimiz kerak. Masalan, saksovul Qizilqum va Orolqumda qumni mustahkamlaydi, shamol tezligini pasaytiradi, chang va tuz ko‘chishining oldini olishda ishtirok etadi. Shu sababli Orol dengizining qurigan tubini ko‘kalamzorlashtirishda saksovuldan keng foydalanilmoqda.
Qandimlar, shuvoqlar, qoraboyalish va boshqa cho‘l yarim butalari yaylov ekotizimlarining strukturasi va yem-xashak bazasida muhim o‘rin tutadi. To‘qaylarda esa turong‘il, yulg‘un va boshqa asosiy turlarni saqlamasdan butun to‘qay ekotizimini saqlash qiyin.
Shuning uchun zamonaviy tabiatni muhofaza qilishda «turni saqlash»dan «tur va uning yashash muhitini birgalikda saqlash»ga o‘tish zarur.
Agar tog‘ lolasini saqlamoqchi bo‘lsak, uning o‘sadigan tog‘ yonbag‘ri ham saqlanishi kerak. To‘qay o‘simligini saqlamoqchi bo‘lsak, daryo va yer osti suvlari rejimi ham hisobga olinishi shart.
Saksovulni saqlamoqchi bo‘lsak, qumli cho‘l ekotizimini me’yordan ortiq antropogen bosimdan himoya qilishimiz kerak.
O‘simlikni yashash muhitidan ajratib saqlab bo‘lmaydi. Menimcha, O‘zbekiston o‘simlik merosini kelajak avlodlarga yetkazishdagi eng muhim tamoyil ham shu.
O‘zA muxbiri Nigora Rahmonova suhbatlashdi.