Bozorlar va savdo komplekslarida joriy etilgan axborot tizimlari takomillashtiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Bozorlar va savdo komplekslarida raqamlashtirish ishlarini samarali tashkil etish hamda maishiy korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, bozorlar va savdo komplekslarida joriy etilgan axborot tizimlari takomillashtiriladi.
Uch oy muddatda bozorlar hududida va ularga tutash hududlarda joylashgan avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarida to‘lovlarni yagona QR kod orqali to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlari talablaridan kelib chiqib, bozorlar va savdo komplekslari hududida faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlari to‘liq onlayn nazorat-kassa texnikalari bilan ta’minlanadi yoki onlayn to‘lovlar uchun QR kodli yorliqlar o‘rnatish choralari ko‘riladi.
Bozor va savdo komplekslarining axborot tizimlari hamda avtomototransport vositalarini doimiy va vaqtincha saqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan avtomototransport vositalarining erkin kirishini (chiqishini) istisno etuvchi maxsus xotira bilan jihozlangan elektron shlagbaum yoki boshqa qurilmalarning soliq organlari axborot tizimiga integratsiya qilinmagani aniqlanganda, Soliq kodeksiga muvofiq jarima qo‘llanadi.
2026-yil 1-sentabrga qadar qarorda ko‘rsatilgan bozorlar va savdo komplekslari, ularga tutash avtoturargohlar to‘liq raqamlashtiriladi hamda “E-bozor” platformasiga integratsiya qilinadi.
2026-yil 1-oktabrga qadar bozorlar va savdo komplekslaridagi axborot tizimlari “Kiberxavfsizlik markazi” DM bilan birgalikda kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi bo‘yicha ekspertizadan o‘tkaziladi.
2026-yil 1-avgustdan transport vositalarini saqlash joylaridan chiqarib yuborish bo‘yicha ruxsatnomani faqat ma’muriy ishni ko‘rib chiquvchi organ (mansabdor shaxs) va ijro organi tomonidan “Jarima maydonchasi” axborot tizimida QR-kod bilan tasdiqlash va elektron tarzda yuborish tartibi joriy etiladi.
Ma’lumot uchun: Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning 2025-yil 5-martda o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash doirasida:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joylashgan bozorlar va savdo komplekslarini raqamlashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
Vazirlar Mahkamasining “Yirik bozorlarda jamoat tartibini saqlash va yong‘in xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 27-noyabrdagi 791-son qarorida yirik bozorlarda jamoat tartibini saqlash va yong‘in xavfsizligini ta’minlash hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar nazarda tutilgan;
respublikadagi 300 dan ortiq bozorlar va savdo komplekslarida tajriba-sinov tariqasida korrupsiya va xufiyona aylanmalarning oldini olishga, savdo tushumlari ortishiga xizmat qiluvchi raqamlashtirish ishlari amalga oshirilgan;
Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining “Qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” 2011-yil 25-maydagi 149-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida” 2023-yil 11-avgustdagi 358-son qarori bilan qonunchilik hujjatlari buzilgani uchun vakolatli davlat organlari tomonidan ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylariga olib kelish, joylashtirish, saqlash, hisobini yuritish va olib chiqib ketish tartibga solingan edi.
O‘zA