Senator nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarning bandligi va ijtimoiy faolligi bilan tanishdi
Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi Malika Qodirxonova “Dugonalar” nogiron ayollar jamiyatiga tashrif buyurdi.
Bu yerda senator nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash hamda kasb-hunarga o‘qitish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
O‘rganishlar davomida nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarning ijtimoiy hayotdagi faol ishtirokini kengaytirish, iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash, zamonaviy kasb-hunar va axborot texnologiyalari bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar ko‘zdan kechirildi.
Markaz nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash va jamiyat hayotidagi faol ishtirokini kengaytirishga ixtisoslashgan.
Bu yerda tikuvchilik, pazandachilik, axborot texnologiyalari va sport yo‘nalishlari bo‘yicha zarur shart-sharoitlar yaratilgan, mashg‘ulot xonalari zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan.

Mazkur markaz orqali ming nafar ortiq nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish, raqamli texnologiyalar bo‘yicha bilimlarini oshirish, sog‘lig‘ini tiklash va ijtimoiy moslashuvini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Uchrashuv davomida jamiyat faollari va nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarning murojaatlari ham eshitildi. Xususan, jamoat transporti xizmatlaridan foydalanishda uchrayotgan muammolarni hal qilish, infratuzilmaning inklyuzivligini ta’minlash hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Senator tomonidan ko‘tarilgan masalalarni amaldagi qonunchilik doirasida o‘rganish, mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda ularning yechimi yuzasidan tegishli choralarni ko‘rish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
N.Abduraimova, O‘zA