Har bir bolaning xavfsiz va farovon kelajagini ta’minlash muhim
O‘zbekistonda bolalar huquqlarini ta’minlash, ularni tizimli ijtimoiy himoya qilish hamda munosib ta’lim va tibbiy xizmatlar bilan qamrab olish davlat siyosatining ustuvor, o‘zgarmas yo‘nalishiga aylandi.
Mamlakatimizda kelajak kapitaliga tikilayotgan investitsiyalar ko‘lami yildan-yilga kengayib bormoqda. Bu bejiz emas.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra yurtimizda 14 yoshga jami bolalar soni 11 million 630 ming 879 nafarni tashkil etgan. Shundan 6 million 30 ming 736 nafari o‘g‘il bola va 5 million 600 ming 143 nafari qiz bolalardir.
Ushbu ulkan demografik ko‘rsatkich davlatga bolalar manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan tizimli va uzoq muddatli chora-tadbirlarni izchil davom ettirish mas’uliyatini yuklaydi.
Xalqaro konvensiyalardan Bosh qomusimizgacha…
O‘zbekiston Respublikasi tomonidan 1992-yil 19-dekabrda ratifikatsiya qilingan BMTning “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyasiga muvofiq, davlat, sud va ma’muriy organlarning bolalarga oid barcha xatti-harakatlarida bola manfaatlarining ustuvorligini ta’minlash bosh mezon etib belgilangan.
Shuningdek, mazkur xalqaro shartnoma ishtirokchi davlatlar zimmasiga bolalarning teng imkoniyatlar asosida bepul va majburiy boshlang‘ich ta’lim olishini kafolatlash hamda ta’limning keyingi bosqichlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish yuridik majburiyatini yuklaydi.
Ushbu xalqaro majburiyatlar yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 50-moddasida o‘z aksini topgan. Unga ko‘ra, davlat har kimning ta’lim olish huquqini kafolatlab, uzluksiz, davlat va nodavlat ta’lim tizimi hamda maktabgacha ta’limni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Bosh qomusimizda bepul umumiy o‘rta va boshlang‘ich professional ta’lim olish kafolatlangan bo‘lib, umumiy o‘rta ta’lim majburiyligi va davlat nazoratida ekanligi mustahkamlangan. Shuningdek, ilk bor alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta’lim tizimini ta’minlash konstitutsiyaviy darajada belgilangan.
Ta’limda qamrov va sifat
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida bolalarni erta yoshdan bilim va kasbga yo‘naltirish bo‘yicha aniq maqsadli ko‘rsatkichlar (diversifikatsiyalashgan indikatorlar) belgilab olingan.
Jumladan, “Hech bir bola e’tibordan chetda qolmaydi” tamoyili asosida alohida ehtiyojli hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni jamiyatga integratsiya qilish ishlari kuchaytirilmoqda.
Raqamlarga tayanadigan bo‘lsak, alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarning umumiy ta’lim maktablarida inklyuziv ta’lim bilan qamrov darajasini 2025-yilda 500 nafardan 2026-yilda 650 nafarga, 2030-yilgacha 1 000 nafarga yetkazish maqsad qilingan.
Nogironligi bo‘lgan bolalarni kunduzgi parvarish bilan qamrab olish ko‘rsatkichi esa 2025-yildagi 3 ming nafardan joriy yilda 3,5 ming nafarga oshiriladi, 2030-yilgacha 4,5 ming nafarga yetkazish maqsad qilingan.
Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning jamiyatga integratsiyalashuvi 2025-yil 1 468 nafarni tashkil etgan, 2026-2030-yilgacha bu ko‘rsatkichni 1 500 nafarga yetkazish belgilangan.
Bolalar o‘rtasidagi irsiy kasalliklarning oldini olish va davolash samaradorligini oshirish maqsadida chaqaloqlarda hayoti uchun xavfli bo‘lgan tug‘ma nuqsonlar bilan tug‘ilish darajasini 2025-yilgi 13,5 holatdan 2030-yilgacha 7 gacha kamaytirish (100 ming nafar tirik tug‘ilgan chaqaloqqa nisbatan) ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni asosida bolalar xavfsizligi va huquqiy himoyasini ta’minlashning yangi kafolatlari joriy etildi. Mazkur hujjatlar bolalarni har qanday shakldagi zo‘ravonlik, tazyiq va ekspluatatsiyadan muhofaza qilish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan.
Joriy yildan boshlab bolalarni har qanday zo‘ravonlik va tahdidlardan himoya qilishning mutlaqo yangi, qat’iy huquqiy mexanizmlari amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Jumladan, voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning ta’lim, tarbiya, sport va sog‘lomlashtirish maskanlarida ishlashi qat’iyan taqiqlanadi. Ishga qabul qilish jarayonida nomzodlar maxsus axborot tizimlari orqali majburiy tekshiriladi.
Nodavlat ta’lim hamda umumiy o‘rta ta’lim muassasalari binolari videokuzatuv tizimlari bilan jihozlanadi va videoyozuvlarni kamida 6 oy davomida saqlash majburiy talab etiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, zo‘ravonlik qurboni yoki guvohi bo‘lgan bolalarga dastlabki bosqichdanoq davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko‘rsatiladi. Jinsiy zo‘ravonlik ishlari bo‘yicha yuzlashtirish faqat tergovchi, prokuror qarori yoki sud ajrimi bilan o‘tkaziladi. Jarohat yetkazuvchi omillarning oldini olish maqsadida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudya va advokatlar uchun bolalar bilan ishlashning maxsus usullari bo‘yicha qisqa muddatli malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.
Shuningdek, ilg‘or xorij tajribasi asosida zo‘ravonlikka uchragan bolalarga bir joyning o‘zida tibbiy, psixologik va huquqiy ko‘mak beruvchi “Barnaxus” modelini sinovdan o‘tkazish belgilandi.
Bundan tashqari, voyaga yetmaganlarni raqamli makonda kiberbuling va onlayn ta’qiblardan himoya qilish maqsadida 24/7 rejimida ishlovchi tezkor monitoring platformasini joriy etish yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.
Yuqorida keltirilgan raqamlar va qonuniy normalar ortida har bir O‘zbekiston fuqarosi, har bir oila o‘z hayotida his qiladigan real va amaliy qulayliklar yotadi.
Birinchidan, bolalarni maktabga tayyorlov guruhlari bilan qamrovning 100 foizga yetkazilishi ota-onalarni ortiqcha xarajatlardan xalos etadi. Endi bolani maktabga tayyorlash uchun qimmat repetitorlarga pul to‘lash shart bo‘lmaydi – davlat bu vazifani o‘z zimmasiga oladi. Bog‘chalar qamrovining kengayishi esa uyda bola parvarishi bilan band bo‘lgan minglab onalarga o‘z ustida ishlash, kasbga qaytish va oilaviy daromadni oshirish imkonini beradi.
Ikkinchidan, har bir bolaning kelajakda o‘z o‘rnini topishi kafolatlanadi. 9-sinf bitiruvchilarining yarmi (50 foizi) kasb-hunarga yo‘naltirilishi — oliy ta’limga kira olmagan yoshlarning ko‘chada yoki ishsiz qolmasligini anglatadi. Chunki bola maktabni bitirishi bilan qo‘lida aniq bir hunar (IT, texnika, xizmat ko‘rsatish sohasi) bilan mustaqil hayotga kirib boradi. Xususiy maktablar ulushining ortishi esa ta’lim sohasida sog‘lom raqobatni yaratadi va davlat maktablarida ham o‘qitish sifatini oshirishga, sinflarda bolalar sonining me’yorlashishiga xizmat qiladi.
Yana bir jihat maktab va bog‘chalarda videokuzatuv tizimlarining o‘rnatilishi hamda yozuvlarning 6 oy davomida saqlanishi, shuningdek, zo‘ravonlikka moyil shaxslarning ta’lim tizimiga yaqinlashtirilmasligi ota-onalarga cheksiz xotirjamlik beradi.
Bundan tashqari, irsiy kasalliklarning kamaytirilishi minglab oilalarni umrbod davolanish va ruhiy-moddiy qiyinchiliklardan asrab qoladi. Alohida ehtiyojga ega bo‘lgan (nogironligi bor) bolalarning uyga qamalib qolmay, tengdoshlari bilan birga oddiy maktablarda (inklyuziv) o‘qishi va kunduzgi parvarish markazlariga jalb etilishi ularning ota-onalariga nafas rostlash, ishlash va jamiyatdan ajralib qolmaslik imkoniyatini taqdim etadi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur islohotlar bolalarning ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya va qonuniy huquqlarini ta’minlashga qaratilgan yaxlit davlat tizimini shakllantirishga xizmat qiladi. Bu esa inson kapitalini rivojlantirish, barkamol avlodni tarbiyalash va mamlakatning barqaror taraqqiyoti uchun mustahkam asos yaratadi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni yurtimizda inson kapitali qiyofasini tubdan yangilash hamda har bir bolaning xavfsiz va farovon kelajagini ta’minlash yo‘lidagi eng muhim qadamdir.
Kamola AG‘ZAMOVA,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
bosh mutaxassisi.
O‘zA