Bozordagi asossiz to‘lovga chek qo‘yildi
Bozorda halol mehnat qilib ro‘zg‘or tebratayotgan tadbirkor uchun eng muhimi — adolatli shart-sharoit.
Agar kimdir o‘z imkoniyati yoki mavqeidan foydalanib asossiz to‘lovlar joriy etsa, bu nafaqat tadbirkorga, balki erkin raqobatga ham zarar yetkazadi. Qonun esa bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaydi.
Raqobat qo‘mitasi so‘rovi bilan “Food City Tashkent” MCHJning ustun muzokara kuchidan foydalanib asossiz oshirgan yig‘imi bekor qilindi.
Raqobat qo‘mitasiga “Food City Tashkent” MCHJ hududida muz mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor murojaat qilib, bozor ma’muriyati tomonidan sun’iy to‘siqlar yaratilayotganini bildirgan.
Xususan, bozor hududiga qadoqlangan va qadoqlanmagan muz olib kirish uchun to‘lov miqdori bir necha barobar oshirilib, bir kunlik to‘lov 737 ming so‘m etib belgilangani hamda bu orqali tadbirkorni bozordan siqib chiqarishga urinilayotgani qayd etilgan.
Murojaat yuzasidan Qo‘mita tomonidan o‘rganish ishlari olib borilib, bozor ma’muriyatiga so‘rov yuborildi. Ishni ko‘rib chiqish jarayonida o‘tkazilgan muloqotlar natijasida “Food City Tashkent” MCHJ hamda tadbirkor o‘rtasida kelishuvga erishildi. Natijada murojaatda ko‘tarilgan muammo ijobiy hal etilib, asossiz oshirilgan to‘lov miqdori bekor qilindi.
Raqobat qo‘mitasi mulkchilik shaklidan qat’i nazar, ustun muzokara kuchiga ega barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni qonun talablariga qat’iy rioya qilishga chaqiradi.
“Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasiga muvofiq, ustun muzokara kuchi — xo‘jalik yurituvchi sub’ektning bitim shartlari, tovar sotiladigan hudud yoki narxni bir tomonlama belgilash imkoniyatidir. Bunday imkoniyatni suiiste’mol qilish esa qonunchilikda belgilangan tartibda moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA