Boyovut maktabidagi tajriba ommaviylashtiriladi (+video)
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 yanvar kuni “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili davlat dasturi loyihasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda yil dasturidagi ustuvor yo‘nalishlar qatorida Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi 19-maktab tajribasi asosida bog‘cha, maktab va shifoxonalarda issiqlik tizimini joriy qilishni ommalashtirilishi ta’kidlab o‘tildi.
E’tiborlisi oradan hech qancha vaqt o‘tmay Samarqand va Jizzax viloyatlaridan muassasa rahbarlari kelib ushbu tajribani o‘rganishni boshlashdi.
Aytish kerakki umumiy o‘rta ta’lim maktabida Respublikada yagona ekologik toza issiqlik manbai yetkazib beruvchi zamonaviy isitish tizimi bugungi kunda to‘liq ishlamoqda.
Mazkur ta’lim dargohi Jahon taraqqiyoti banki mablag‘lari hisobidan 2 mlrd 171 mln so‘m evaziga kapital ta’mirlash ishlari olib borilib, 2022 yil sentyabr oyida foydalanishga topshirilgan.
Shu o‘rinda maktab direktorining tashabbuskorligini ham e’tirof etish joiz. Muassasa rahbari viloyat mahalliy kengash deputati hisoblanadi. Ta’lim sohasida 40 yildan oshiq faoliyat ko‘rsatgan “Mehnat shuhrati” va “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Hasanova Muhtaram Urushovnaning sa’y-harakatlari natijasida 2022 yilda BMTning kichik grant va loyihalarida ishtirok etib, ekologik toza issiqlik manbai yetkazib beruvchi 200 ming AQSH dollari qiymatiga ega bo‘lgan zamonaviy isitish tizimi loyihasini yutib oldi.
Bugungi kunda maktab tomonidan BMT granti asosida 140 ming AQSH dollariga teng 100 kvt ega quyosh panellari olib kelinib, maktab hududida loyiha muhandislari tomonidan o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.
Ushbu muqobil energiya manbai ishga tushirilganidan so‘ng yil davomida o‘rtacha bir kunda 8 soat elektr energiyasi ishlab chiqarilganda, tahminan 1 kunda 800 kilovattga to‘g‘ri keladi. Ortiqcha tarmoqqa qaytarilgan elektr energiya tumandagi jami 55 ta umumta’lim maktablarining 1 oylik iste’moli zahirasiga aylantiriladi. Shunda maktabni isitishga bir mavsum uchun saflanadigan 90 tonna ko‘mir yoqilg‘isi va tumandagi 55 ta umumta’lim maktablarining elektr energiyasi uchun sarflanadigan 100 mln mablag‘i tejab qolinadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/awZDgtG0N08" title="Boyovut tumanidagi maktab tajribasi ommaviylashtiriladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, G‘ulomjon Primov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA