“Bosh prokuror kubogi” g‘oliblari aniqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 4 noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida poytaxtimizdagi “Universal” sport saroyida “Bosh prokuror kubogi” musobaqasi o‘tkazildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri hamda viloyatlar terma jamoalari g‘oliblik uchun gilamga chiqishdi.
Musobaqaning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.Abduvohidov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisi N.Yo‘ldoshev hamda jismoniy tarbiya va sport vaziri D.Nabiyev so‘zga chiqib, bugungi kunda nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyoda kurash sportini yanada rivojlantirish masalasiga jiddiy e’tibor berilayotgani, ushbu jarayonda hukumatimizning doimiy qo‘llab-quvvatlovi muhim ahamiyat kasb etayotganligini alohida ta’kidladi.
“Bosh prokuror kubogi” musobaqasida polvonlar 7 vazn toifasida, ayollar -57 kg hamda -70 kg, erkaklar esa -66 kg, -73 kg, -81 kg, -90 kg hamda +90 kg vazn toifalarida o‘zaro kuch sinashdi.
Murosasiz kechgan bellashuvlar finalida Samarqand jamoasi vakillari buxorolik polvonlarni 5:2 hisobida yengib, bosh sovrin – “Bosh prokuror kubogi”ni qo‘lga kiritdi. Musobaqaning uchinchi o‘rni Qashqadaryo viloyati va Toshkent shahri terma jamoalariga nasib etdi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan pul mukofotlari va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
O‘zA