Bolalar huquq va manfaatlariga doir hujjat loyihalari Bolalar ombudsmani bilan kelishilishi majburiy bo‘ladi
Qonunchilik palatasi majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani) faoliyatini yanada samarali tashkil etishga qaratilgan qonun loyihasiga ko‘ra, bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish mexanizmlari yanada mustahkamlanmoqda.
Ya’ni, loyiha bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bolaga qarshi jinoyatlar to‘g‘risida ma’lumotlar olgan taqdirda jinoyat ishini qo‘zg‘atish yoki uni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilganda, bu haqda Bolalar ombudsmanini xabardor qilishi nazarda tutilmoqda. Bu sud jarayonlarida, voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlarni yuritishda bola huquqlari va qonuniy manfaatlari to‘laqonli himoya qilinishiga xizmat qiladi.
Loyihada Bola huquqlari bo‘yicha vakilning parlament nazoratini amalga oshirish borasidagi vakolatlari ham belgilanmoqda. Bola manfaatlarini ko‘zlab fuqarolik ishlari bo‘yicha hamda ma’muriy sudlarga arizalar, shikoyatlar va da’volar bilan murojaat qilishda u davlat bojidan ozod qilinadi.

Bundan tashqari, hujjat loyihasida vakilning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilash, uni saylash, daxlsizlik huquqidan mahrum etish, shuningdek, u tomonidan parlamentga taqdim etiladigan ma’ruzani eshitish masalalari ham tartibga solinmoqda.
Bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga taalluqli masalalarga doir normativ-huquqiy hujjat loyihalari Bolalar ombudsmani bilan majburiy kelishilishi belgilanmoqda.
M.Komilova, O‘zA