Bo‘lajak IT mutaxassislari bilan uchrashuv o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyatida “Sinergiya” xalqaro ta’lim markazida tahsil olayotgan bo‘lajak IT mutaxassislari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbir viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirokida “Yoshlar kuni” doirasida tashkil etildi. Unda tegishli tashkilotlar rahbarlari, ta’lim sohasi vakillari hamda yoshlar qatnashdi.
Uchrashuv davomida yoshlarning axborot texnologiyalari sohasidagi yutuqlari, amaliy loyihalari va tashabbuslari taqdim etildi. Xususan, texnikum talabalari tomonidan ishlab chiqilgan veb-platformalar, axborot xavfsizligi tizimlari, neyron tarmoqlarga asoslangan dasturlar va boshqa innovatsion ishlanmalar namoyish etildi.
Ma’lumki, “Sinergiya raqamli kasblar texnikumi” O‘zbekiston va Rossiya hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, zamonaviy IT yo‘nalishlari bo‘yicha amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Ayni paytda bu yerda 100 dan ortiq o‘g‘il-qiz dasturlash, sun’iy intellekt va axborot xavfsizligi kabi sohalarda tahsil olmoqda.
Qisqa vaqt ichida texnikum o‘quvchilari respublika miqyosidagi tanlov va musobaqalarda faol ishtirok etib, yuqori natijalarga erishmoqda. Jumladan, yoshlar jamoasi Hackathon tanlovida faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, xalqaro kurslarda tahsil olgan 850 nafardan ziyod o‘g‘il-qizga IT sertifikatlari taqdim etildi. “Sinergiya” dasturchilari tomonidan 700 ming AQSH dollari miqdorida IT xizmatlari amalga oshirilgani qayd etildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, raqamli texnologiyalar bugungi kunda barcha sohalar taraqqiyotining muhim omili hisoblanadi. Shu bois yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish, ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirish ustuvor vazifalardan biri sanaladi.
[gallery-29159]
Uchrashuv davomida bir qator faol talabalar viloyat hokimiga o‘z loyihalarini taqdim etdi. Ularni yanada takomillashtirish yuzasidan fikr va takliflar bildirildi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA