Boku forumi: Yangi O‘zbekistonning barqaror urbanizatsiya tashabbuslari
Bugun butun dunyoda urbanizatsiya jarayonlari jadallashib bormoqda. Bu esa yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ekologik, ijtimoiy, iqtisodiy va uy-joyga oid muammolarga samarali yechim topishni taqozo etadi. Shu ma’noda Boku shahrida o‘tayotgan Butunjahon urbanizatsiya forumi dolzarb ahamiyatga ega anjuman hisoblanadi.
Forumning 13-sessiyasida O‘zbekiston Prezidenti nutq so‘zlab, yurtimizda shaharlarni barqaror rivojlantirish borasidagi tajribalarni aytib o‘tdi va bir qator xalqaro tashabbuslarni ilgari surdi. Bu haqda “Barqaror rivojlanish markazi” NNT bo‘lim boshlig‘i Jahongir Isayev o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– 17-22-may kunlari Boku shahrida o‘tayotgan Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasi bugungi global taraqqiyot kun tartibida eng dolzarb masalalardan biriga aylangan urbanizatsiya muammolarini muhokama qilish uchun muhim xalqaro maydonga aylandi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholi punktlari bo‘yicha dasturi — BMT-Xabitat shafeligida “Barcha uchun uy-joy: xavfsiz va barqaror shaharlar hamda hamjamiyatlar” mavzusiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan mazkur anjumanda uy-joy inqirozi, iqlimga chidamli shaharlar, inklyuziv boshqaruv, mahalliy tajriba va barqaror shaharsozlik yechimlari muhokama qilinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum Yetakchilar sammitidagi nutqi mamlakatimizda urbanizatsiya masalasi yangi bosqichga ko‘tarilganini yaqqol namoyon etdi. Davlat rahbari ta’kidlaganidek, “urbanizatsiya jarayonlari global barqarorlik va xavfsizlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatuvchi jiddiy omilga aylanmoqda”. Bu fikr dunyoda uy-joy muammosi keskinlashib, iqlim o‘zgarishi, iqtisodiy inqirozlar va migratsiya oqimlari shaharlar hayotiga tobora kuchli ta’sir ko‘rsatayotgan hozirgi sharoitda alohida ahamiyat kasb etadi.
Forum kun tartibidagi masalalarning dolzarbligi raqamlarda ham yaqqol ko‘rinadi. XXI asr o‘rtalariga borib sayyora aholisining qariyb 70 foizi shaharlarda yashashi kutilmoqda. Shu bilan birga, bugun dunyoda qariyb 3 milliard inson munosib uy-joy sharoitlaridan mahrum, 1 milliarddan ziyod aholi norasmiy turar joylar va xarobalarda kun kechirmoqda, 300 milliondan ortiq inson esa boshpanaga ega emas.

Bu raqamlar urbanizatsiya har bir davlat uchun nafaqat shaharsozlik, balki ijtimoiy adolat, iqtisodiy barqarorlik va inson qadri masalasi ekanini ko‘rsatadi. Chunki uy-joy inson uchun oddiy boshpana emas. U ta’lim, sog‘liqni saqlash, mehnat bozori, xavfsizlik, ijtimoiy himoya va munosib turmush tarziga kirish nuqtasidir. Agar oila uy-joyga ega bo‘lsa-yu, ammo u yerda maktab, bog‘cha, tibbiyot muassasasi, jamoat transporti, ichimlik suvi, kanalizatsiya va yashil hududlar yetarli bo‘lmasa, uy-joy masalasi hal etilgandek ko‘rinsa-da, barqaror shahar hayoti to‘liq ta’minlanmaydi.
O‘zbekiston uchun ham bu masala strategik ahamiyatga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, yaqin 15 yil ichida mamlakatimiz aholisi 38 milliondan 50 million nafarga, urbanizatsiya darajasi esa 51 foizdan 65 foizga yetishi kutilmoqda. Davlat rahbari bu jarayonni hududlarni mutanosib rivojlantirish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun noyob imkoniyat sifatida baholadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda uy-joy qurilishi va shaharsozlik sohasida sezilarli natijalarga erishildi. Prezident nutqida qayd etilganidek, oxirgi o‘n yilda qurilayotgan uy-joylarning yillik soni 10 barobar oshib, 2025-yilda 238 mingta xonadonga yetgan. 2030-yilgacha bu ko‘rsatkichni yana 1,5 barobar oshirish rejalashtirilmoqda. Aholini arzon uy-joy bilan ta’minlash dasturlariga har yili byudjetdan qariyb 2 milliard dollar mablag‘ ajratilmoqda.
Boku minbaridan ilgari surilgan eng muhim g‘oyalardan biri — mutanosib urbanizatsiya tamoyilidir. Prezident barcha hududlarda aholi uchun teng yashash sharoitlarini yaratish kichik va o‘rta shaharlarni uyg‘un rivojlantirishni talab qilishini ta’kidlab, hamkor davlatlarni shaharlarni rivojlantirishda “mutanosib urbanizatsiya” tamoyilini keng joriy etishga chaqirdi.
Bu g‘oya O‘zbekiston uchun nihoyatda dolzarb. Chunki aholining asosiy qismi faqat poytaxt yoki yirik shaharlarga intilishi infratuzilmaga bosimni kuchaytiradi, uy-joy narxini oshiradi, transport va ekologiya muammolarini keskinlashtiradi. Aksincha, kichik va o‘rta shaharlarda ish o‘rinlari, xizmatlar, ta’lim, tibbiyot va qulay uy-joy muhiti yaratilsa, ichki migratsiya bosimi yumshaydi, hududlar o‘rtasidagi tafovut qisqaradi.
Shu nuqtai nazardan “Yangi O‘zbekiston” massivlari mamlakatda mutanosib urbanizatsiyani ta’minlashga qaratilgan amaliy mexanizm sifatida qaralishi mumkin. Prezident nutqida hozirgacha 61 ta ana shunday massiv bunyod etilgani, 2030-yilga borib ularning soni 100 taga yetkazilishi qayd etildi. “Yangi O‘zbekiston” massivlari faqat ko‘p qavatli uylar to‘plami emas, to‘liq hayotiy muhitga aylanishi kerak. Bunday hududlarda maktab, bog‘cha, poliklinika, jamoat transporti, ichimlik suvi, kanalizatsiya, elektr va issiqlik ta’minoti, yashil hududlar, bolalar va keksalar uchun qulay jamoat makonlari bir butun tizim sifatida ishlashi lozim.
Boku nutqida ilgari surilgan yana bir muhim tashabbus — shahar boshqaruvida sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya imkoniyatlaridan barcha davlatlar teng foydalanishi uchun xalqaro “Aqlli va xavfsiz shaharlar alyansi”ni tuzish taklifidir.
Bugun transport oqimlari, kommunal xizmatlar, havo sifati, chiqindilar, xavfsizlik, energiya sarfi va favqulodda vaziyatlar haqidagi ma’lumotlarni real vaqtda boshqarish shahar samaradorligini belgilaydigan omilga aylanmoqda. O‘zbekiston tashabbusi aynan shu jihati bilan ahamiyatli — u texnologiya, standart va tajriba almashuvini xalqaro hamkorlik darajasiga olib chiqishni taklif etmoqda.
Yoshlar va ehtiyojmand qatlamlarni sifatli hamda arzon uy-joy bilan ta’minlash masalasi ham Prezident nutqining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Kelgusi yil Samarqand shahrida uy-joy qurilishiga moliya va investitsiyalarni jalb etishdagi yangicha yondashuvlar bo‘yicha xalqaro forum o‘tkazish taklifi bu borada amaliy ahamiyatga ega. Chunki uy-joy masalasini faqat davlat byudjeti yoki an’anaviy ipoteka hisobidan hal etish qiyin. Bunda ijtimoiy ipoteka, ijara uy-joylari, davlat-xususiy sheriklik, uzoq muddatli moliyalashtirish, qurilish tannarxini pasaytirish va aholining real daromadlariga mos mexanizmlar zarur.
Barqaror shaharning yana bir muhim belgisi — uning ekologik sifati. Prezident Shavkat Mirziyoyev “yashil shaharlar”ni barpo etishning umumiy tamoyillari va standartlarini qabul qilish, shuningdek, BMT-Habitatning “Yashil shahar” xalqaro mukofotini ta’sis etish taklifini ilgari surdi.
Bu tashabbus O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” va “Toza havo” dasturlari bilan mazmunan uyg‘un. Bu yerda muhim jihat shundaki, “yashil shahar” tushunchasi faqat daraxt ekish bilan cheklanmaydi. U energiya tejamkor binolar, suv tejovchi texnologiyalar, piyodalar uchun qulay muhit, jamoat transporti ustuvorligi, chiqindilarni saralash va qayta ishlash, havo sifatini yaxshilash, issiqlik to‘lqinlariga moslashuv, shahar mikroiqlimini muhofaza qilish kabi ko‘p qirrali choralarni o‘z ichiga oladi. Demak, har bir yangi shahar yoki massiv ekologik standartlar asosida baholanishi kerak.
Mahalla institutiga berilgan e’tibor esa O‘zbekiston urbanizatsiya modelining o‘ziga xosligini ko‘rsatadi. Prezident Butunjahon urbanizatsiya forumining 15-sessiyasini 2030-yilda Yangi Toshkent shahrida o‘tkazish va uning bosh mavzusini “Shaharlarning barqaror rivojlanishida mahalla institutining o‘rni” deb nomlashni taklif etdi. Bu tashabbus xalqaro miqyosda ham qiziqarli, chunki mahalla — aholi ehtiyojini joyida aniqlash, ijtimoiy muammolarni hal etish, jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish va shahar muhitini odamlarga yaqinlashtirishning an’anaviy, shu bilan birga zamonaviylashtirilishi mumkin bo‘lgan mexanizmi hisoblanadi.
Milliy barqaror rivojlanish maqsadlari nuqtai nazaridan Prezident nutqida ilgari surilgan tashabbuslar bir-biri bilan uzviy bog‘langan. Munosib uy-joy — kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy tenglikni ta’minlashga xizmat qiladi. Suv, kanalizatsiya va kommunal infratuzilma inson salomatligi va sanitar xavfsizlik asosidir. Jamoat transporti, raqamli boshqaruv va zamonaviy infratuzilma — iqtisodiy faollikni kengaytiradi. “Yashil shaharlar” va iqlimga chidamli qurilish — ekologik xavflarni kamaytiradi. Xalqaro alyanslar va Samarqand forumi kabi tashabbuslar esa barqaror taraqqiyotga erishishda hamkorlik va investitsiyalarning ahamiyatini oshiradi.
Boku forumi va Prezident nutqidan kelib chiqadigan birinchi amaliy xulosa shundan iboratki, O‘zbekistonda har bir shahar va tumanning bosh rejasi milliy barqaror rivojlanish maqsadlari bilan bog‘lanishi kerak. Bosh reja faqat qurilish hududlarini belgilaydigan texnik hujjat bo‘lib qolmasdan, aholi hayoti sifatiga xizmat qiladigan amaliy dasturga aylanishi zarur. U transport qulayligi, yashil hududlar, havo sifati, suv va kanalizatsiya, chiqindilarni boshqarish, ijtimoiy ob’ektlarga yetish imkoniyati kabi mezonlarni qamrab olishi lozim.
Ikkinchi xulosa — uy-joy siyosatida sifat va qulaylik mezonlarini kuchaytirish zarur. Qancha xonadon qurilgani muhim, ammo ularning energiya samaradorligi, zilzilabardoshligi, kommunal tarmoqlarga ulanganligi, maktab va bog‘chaga yaqinligi, transport bilan qamrab olinganligi va yashil hududlar bilan ta’minlanganligi undan ham muhim.
Uchinchi xulosa — tez urbanizatsiya bilan bog‘liq xavflarni oldindan boshqarish lozim. Aholi soni va shaharlashuv darajasi o‘sishi uy-joy narxi, transport tirbandligi, suv va energetika tarmoqlariga yuklama, chiqindilar hajmi, havo sifati va yer resurslaridan foydalanish bilan bog‘liq muammolarni kuchaytirishi mumkin. Shuning uchun har bir yangi shaharsozlik loyihasi iqtisodiy samara bilan birga ekologik va ijtimoiy ta’sir nuqtai nazaridan ham baholanishi shart.
To‘rtinchi xulosa — mahalla va fuqarolik jamiyatini shaharsozlik qarorlariga yaqinlashtirish zarur. Yangi massivlar, renovatsiya, jamoat transporti yo‘nalishlari, yashil hududlar va ijtimoiy ob’ektlar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda aholi fikri, mahalla faollari, yoshlar, xotin-qizlar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlari inobatga olinishi kerak. Bu shaharni qog‘ozda emas, amalda qulay qiladi.
Xulosa qilib aytganda, Boku shahridagi Butunjahon urbanizatsiya forumi minbaridan yangragan O‘zbekiston tashabbuslari mamlakatimizda urbanizatsiya siyosati yangi mazmun kasb etayotganini ko‘rsatdi. Bu bosqichda shaharlar faqat binolar va yo‘llar majmuasi emas, balki inson qadri, ijtimoiy adolat, iqtisodiy imkoniyat, ekologik xavfsizlik va jamoatchilik ishtiroki uyg‘unlashadigan muhit sifatida qaralmoqda.
Boku forumining asosiy sabog‘i shundaki, kelajak shahri baland binolari yoki keng yo‘llari bilan emas, balki odamlar uchun yaratilgan sharoit, toza muhit, qulay xizmatlar, xavfsiz hayot va teng imkoniyatlar bilan qadrlanadi. O‘zbekiston bu jarayonda o‘z milliy tajribasi, amaliy loyihalari va xalqaro tashabbuslari bilan global urbanizatsiya kun tartibining faol ishtirokchisiga aylanayotganini namoyon etmoqda.
Muhtarama Komilova yozib oldi. O‘zA