Bokschilarimiz faqat g‘alaba uchun ringga ko‘tarilmoqda
FOTOREPORTAJ
Jahon chempionatining to‘rtinchi kunida -63.5 kg vazn toifasida qatnashayotgan Ruslan Abdullayev ispaniyalik Oyer Ibarrachega qarshi maydonga tushdi. Hamyurtimizning birinchi bahsda Puerto-Riko vakili ustidan g‘alaba qozongani yodingizda bo‘lsa kerak. Bu gal ham shunday bo‘ldi. Abdullayev ikkinchi g‘alabasini tantana qildi.
Kechki dasturni Shodiyorjon Meliqo‘ziyev ajoyib debyut jangi bilan boshlab berdi. O‘zbekiston terma jamoasining bir qator vakillari poytaxtimizda o‘tayotgan jahon chempionatida debyut qilishmoqda. Jumladan, -48 kg vazn toifasida musobaqada qatnashayotgan Shodiyorjon Meliqo‘ziyev ham dunyo birinchiligida dastlabki jangini o‘tkazdi. Nepallik Rabin Tapaga qarshi bahs olib borgan sportchimiz ishonchli g‘alaba bilan keyingi davraga yo‘l oldi.
Terma jamoamizning tajribali a’zolaridan biri Hasanboy Do‘smatov (-51 kg) ham Toshkentda o‘tayotgan dunyo birinchiligida ilk jangini o‘tkazdi. Meksikalik Alberto Ximenesga qarshi jang qilgan Rio-2016 Olimpiadasi chempioni keyingi bosqich sari dadil qadam tashladi.
[gallery-11729]
O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, boks bo‘yicha o‘ta og‘ir vazn toifasida Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni Bahodir Jalolov ham poytaxtimizdagi jahon chempionatida ilk muvaffaqiyatini tantana qildi. Ikkinchi davradan bahslarga qo‘shilgan yurtdoshimiz azaliy raqiblaridan biri bahraynlik Denis Latipov bilan jang qildi. Yakunda Olimpiada chempioni katta qiyinchiliksiz keyingi bosqich masalasini hal qildi.
Jahon chempionati bahslari davom etmoqda.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA