Bojxona: sayyor uchrashuvda muhim masalalar muhokama etildi
Urganchda bojxona qo‘mitasining mas’ul xodimlari ishtirokida sayyor uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda viloyatdagi ellikdan ortiq tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari, shuningdek, bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassislar bojxona sohasidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Uchrashuv davomida bojxona tartib-taomillariga kiritilayotgan yangiliklar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar va ularning amaliyotdagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini soddalashtirish hamda tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatiga ta’sir ko‘rsatayotgan masalalar muhokama qilindi.

- Bunday sayyor qabullarning ahamiyati shundaki, ular tadbirkorlar bilan bojxona organlari o‘rtasida ochiq va samarali muloqotni ta’minlash, muammolarni o‘z vaqtida aniqlash hamda ularga amaliy yechim topish imkonini beradi, - deydi Xorazm viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i Shavkat To‘rayev. – Shu sababdan uchrashuvlarda va faoliyatimiz davomida asosiy e’tiborni tadbirkorlarning bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida duch kelayotgan muammolarini bevosita joyida o‘rganish hamda bartaraf etishga qaratmoqdamiz.

Sayyor uchrashuvda tadbirkorlar va bojxona rasmiylashtiruvi mutaxassislarining murojaatlari, takliflari hamda amaliyotda uchrayotgan murakkabliklar tinglandi.

Ayniqsa, bojxona amaliyotida uchrayotgan muammolarni keltirib chiqarayotgan omillarni aniqlash, amaldagi qonunchilik normalarini qo‘llashda yuzaga kelayotgan savollarni o‘rganish va zarur hollarda mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri