Bojxona postida kiyim orasiga yashirilgan sa’va qushlari aniqlandi
Toshkent viloyatidagi "Navoiy" chegara bojxona postida qo‘shni davlatdan kirib kelayotgan fuqaroning kiyimi orasiga yashirilgan 46 bosh sa’va qushi aniqlandi.
Bojxona xodimlari tomonidan belgilangan tartibda o‘tkazilgan shaxsiy ko‘rik davomida og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan va deklaratsiya qilinmagan qushlar aniqlandi.
Hozirda qushlarni Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi mas’ullariga topshirish, keyinchalik esa ularni tabiiy yashash muhitiga qaytarish choralarini ko‘rish rejalashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan qonunbuzarga nisbatan bojxona organlari tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
A. Musayev, O‘zA