Bir asrlik tarix yangi taraqqiyot bosqichi uchun mustahkam tayanch bo‘ladi
O‘rta Chirchiq tumani 100 yoshda
Har bir hududning buguni uning o‘tmishi, ertasi esa bugungi bunyodkorlik ishlari bilan chambarchas bog‘liq. O‘rta Chirchiq tumanining bir asrlik tarixi ham fidoyi insonlar mehnati, dehqonchilik an’analari, milliy qadriyatlar va taraqqiyotga intilish bilan yo‘g‘rilgan. Bugun ushbu zaminda tarixiy merosni asrab-avaylash, iqtisodiy salohiyatni yuksaltirish va aholi farovonligini oshirish yo‘lidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Shu kunlarda O‘rta Chirchiq tumani tashkil topganining 100 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan tantanalar nafaqat o‘tgan asr sarhisobi, balki hududning bugungi qiyofasi, erishilayotgan natijalar va kelgusi taraqqiyot vazifalariga nazar tashlash uchun ham muhim imkoniyatdir. Xususan, Qorasuv mahallasidagi “Soyil bo‘yi” sayilgohida tashkil etilgan tadbirda mehnat faxriylari va jamoatchilik vakillari jam bo‘ldi. Unda tumanning bosib o‘tgan yo‘li, uning ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan insonlar, el-yurt obodligi va farovonligi yo‘lida mehnat qilganlar xotirlandi.

Xususan, Mamlakatimiz davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida tuman tashkil topganining 100 yilligi nishonlanayotganida ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Zero, mustaqillik yillarida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi o‘zgarishlar hududning yangi taraqqiyot bosqichini boshlab berdi. Tuman hududidagi Burgalik, Mingtepa, O‘rtasaroy, Kuchluk, Rovatak, G‘alabotir va Jaloyir kabi manzillar hududning tarixiy xotirasi va madaniy merosi bilan bog‘liq.
Mustaqillik yillarida O‘rta Chirchiqda zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, yangi korxonalar tashkil etish, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va sport muassasalarini takomillashtirish, aholi uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan ishlar amalga oshirildi. Hududning bugungi taraqqiyotida iqtisodiy faollik, tadbirkorlik tashabbuslari va qishloq xo‘jaligi imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhim o‘rin tutmoqda.

Tumanning iqtisodiy imkoniyatlari, avvalo, uning ishlab chiqarish quvvatlari, tadbirkorlik muhiti va mavjud resurslaridan samarali foydalanish bilan belgilanadi. Ayni paytda O‘rta Chirchiqda sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohasini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda eksport salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hududda 501 ta kichik va 3 ta yirik sanoat korxonasi, shuningdek, 4 ta erkin sanoat zonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu mavjud ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirish va mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish uchun muhim asosdir.
Sanoat sohasidagi asosiy vazifalar qatorida mavjud quvvatlardan samarali foydalanish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish, eksportbop mahsulotlar turini kengaytirish va yuqori qo‘shilgan qiymat yaratuvchi loyihalarni ro‘yobga chiqarish belgilangan. Sanoat zonalari bo‘yicha “yo‘l xaritalari” tasdiqlangani ham loyihalar ijrosini tizimli tashkil etishga xizmat qiladi.

Qurilish sohasidagi ko‘rsatkichlar ham hududdagi iqtisodiy faollikdan dalolat beradi. mazkur yo‘nalishdagi ishlar hajmi 484,5 milliard so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 136,4 foizga yetgan. Bunday o‘sishni ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, yangi ob’ektlar barpo etish hamda hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish vazifalari bilan bog‘liq holda baholash mumkin. Biroq iqtisodiy taraqqiyotning haqiqiy samarasi faqat ishlab chiqarish yoki qurilish hajmlari bilan emas, balki ularning aholi turmush darajasiga ta’siri, yangi ish o‘rinlari va barqaror daromad manbalari yaratilishi bilan ham belgilanadi.

Tuman iqtisodiyotining tashqi bozorlar bilan aloqalarini mustahkamlash, mahalliy mahsulotlarni xorijda xaridorgir qilish va eksport yo‘nalishlarini kengaytirish dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. 2026-yil uchun 43,9 million dollarlik eksport prognozi belgilangan. Joriy yilning yanvar–sentabr oylarida esa 20,96 million dollarlik reja o‘rniga 22,38 million dollarlik eksport amalga oshirilgani qayd etilgan. Eksport tarkibida sanoat mahsulotlari 17 million dollarni, meva-sabzavot mahsulotlari esa 5,4 million dollarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkichlar hududning ishlab chiqarish va agrar salohiyati tashqi savdo faoliyatida muhim o‘rin tutayotganini ko‘rsatadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tuman korxonalari 21 ta davlat bilan savdo aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Avstraliya, Latviya va Ruminiya kabi davlatlarning yangi bozorlar sifatida o‘zlashtirilishi eksport geografiyasini kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarning bir qismidir. Endilikda tashqi bozorlarda barqaror o‘rin egallash uchun mahsulot sifati, raqobatbardoshlik, yetkazib berish imkoniyatlari va qayta ishlash darajasini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, mahalliy xomashyo asosida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish eksport tushumlarini oshirish imkonini beradi.

Xizmatlar sohasi ham tuman iqtisodiyotining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanib bormoqda. Joriy yilning birinchi olti oyi yakunlariga ko‘ra, xizmatlar hajmi 1 trillion 16,6 milliard so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 117,7 foizga yetgan. Savdo, logistika, transport, maishiy xizmat, axborot texnologiyalari va servis yo‘nalishlarida yangi ob’ektlarni tashkil etish, xizmat turlarini ko‘paytirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha vazifalar belgilangan. Xizmatlar sohasining rivojlanishi, ayniqsa, mahallalarda kichik biznesni kengaytirish, aholiga qulaylik yaratish va yoshlarning mehnat bozoriga kirib kelishi uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Hudud taraqqiyotini baholashda iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan bir qatorda aholi bandligi, daromadlari va turmush sharoiti ham muhim ahamiyatga ega. Shu bois O‘rta Chirchiqda ishsizlikni kamaytirish va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan ishlar mahallalar kesimida tashkil etilmoqda. Hozir tumanda mehnat resurslari 81,4 ming nafar, iqtisodiy faol aholi 67 ming nafar, jami band aholi esa 63,7 ming nafarni tashkil etadi. Ishsizlik darajasi 4,9 foiz, kambag‘allik darajasi 5,1 foiz etib ko‘rsatilgan. Mazkur ko‘rsatkichlarni yanada yaxshilash uchun aholini kasb-hunarga o‘qitish, o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatlarini kengaytirish, imtiyozli kreditlar ajratish va yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bunda har bir mahallaning mavjud imkoniyatlarini aniqlash, aholi ehtiyojlaridan kelib chiqib daromad manbalarini shakllantirish va mehnat bozori talablariga mos kasblarga o‘qitish muhimdir. Chunki bandlikni ta’minlash faqat ish o‘rinlari sonini ko‘paytirish emas, balki insonning barqaror daromad topishi va o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoit yaratish hamdir.
Tuman oldida turgan vazifalar esa mavjud salohiyatni to‘liq ishga solish, sanoat va qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, eksport geografiyasini kengaytirish va aholi farovonligini yanada yuksaltirishdan iborat. Yubileyning mazmun-mohiyati ham shunda: o‘tmishni e’zozlash, bugungi yutuqlarni qadrlash va kelajak uchun yanada katta maqsadlar sari intilish. O‘rta Chirchiqning bir asrlik tarixi yangi taraqqiyot bosqichi uchun mustahkam ma’naviy tayanch bo‘lib xizmat qiladi.
A.Musayev,O‘zA